add

Tramp tomonidan bildirilgan tahdidlar Erondagi beqarorlikni kuchaytirmoqda — BMT

Bugun 14:472 daqiqa

BMT Xavfsizlik kengashida Erondagi namoyishlar va tashqi harbiy tahdidlar mintaqaviy xavfsizlikka ta’siri muhokama qilindi.

Tramp tomonidan bildirilgan tahdidlar Erondagi beqarorlikni kuchaytirmoqda — BMT

BMT Xavfsizlik kengashining 15-yanvardagi yig‘ilishida Erondagi vaziyat xalqaro hamjamiyatning jiddiy e’tibor markazida bo‘ldi. Tashkilotning yuqori martabali rasmiysi AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan bildirilgan harbiy tahdidlar allaqachon keskinlashgan ichki siyosiy muhitni yanada beqarorlashtirayotganini ta’kidladi.

So‘nggi haftalarda Eron Islom Respublikasida hukumatga qarshi eng yirik namoyishlardan biri kuzatildi. Hukumat tomonidan kuch ishlatilishi, internetga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi natijasida ko‘chadagi faollik biroz pasaygan bo‘lsa-da, vaziyat barqaror deb baholanmayapti. Namoyishlar sabablari orasida iqtisodiy qiyinchiliklar va tashqi siyosiy xarajatlarga nisbatan norozilik alohida o‘rin tutadi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ilgari surilgan harbiy choralar haqidagi bayonotlarga qaratildi. AQSH rasmiylari, agar Tehron namoyishchilarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llashni davom ettirsa, kuch ishlatish ehtimoli saqlanib qolayotganini bildirgan. Biroq mintaqadagi ayrim davlatlar diplomatik kanallar orqali vaziyatni harbiy to‘qnashuvga olib bormaslikka chaqirgani ma’lum qilindi.

BMT Bosh kotibining yordamchisi Marta Pobi tashqi tahdidlar ichki inqirozni yanada chuqurlashtirayotganini aytib, barcha tomonlarni vazminlikka da’vat qildi.

«Eronga ehtimoliy harbiy zarbalar berish haqidagi turli ochiq bayonotlarni xavotir bilan kuzatmoqdamiz. Ushbu tashqi omil allaqachon tarang vaziyatga yanada beqarorlik qo‘shmoqda. Vaziyat yomonlashishining oldini olish uchun barcha choralar ko‘rilishi shart».

Eronning BMTdagi doimiy vakili AQSHni ichki noroziliklardan geosiyosiy maqsadlarda foydalanishda aybladi. O‘z navbatida, AQSH elchisi Vashington Eron aholisining huquq va xavfsizligi xalqaro tinchlik masalasi ekanini bildirdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan jurnalist Masix Alinejod esa millionlab eronliklar tashqi qurolli guruhlarga sarflanayotgan mablag‘larga qarshi ekanini ta’kidladi. «Millionlab eronliklar o‘z pullari o‘g‘irlanishi hamda HAMAS, Hizbulloh va husiylarga yuborilishini to‘xtatishni talab qilib, ko‘chalarga chiqdi», dedi u Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlarga ishora qilib.

Teglar

Mavzuga oid