Logo

Trampdan kutilmagan shart: AQSH va Saudiya o‘rtasidagi yadroviy kelishuv Isroilga bog‘liq bo‘ladi

Kecha 23:202 daqiqa

Mazkur shart AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi fuqarolik yadroviy kelishuvi rasman e’lon qilinganidan 16 soat o‘tib oshkor qilindi.

Trampdan kutilmagan shart: AQSH va Saudiya o‘rtasidagi yadroviy kelishuv Isroilga bog‘liq bo‘ladi

AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida imzolangan fuqarolik yadroviy kelishuvi faqatgina Ar-Riyod Isroil bilan diplomatik aloqalarni normallashtirgan taqdirdagina amalga oshiriladi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining «Truth Social» tarmog‘ida yozdi.

«AQSH Energetika vazirligi va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tuzilayotgan, faqatgina noharbiy maqsadlarga qaratilgan fuqarolik yadroviy kelishuvi tasdiqlanadi, ammo bu to‘liq Saudiya Arabistonining Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishiga bog‘liq», — deyiladi Trampning bayonotida.

Mazkur shart AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi fuqarolik yadroviy kelishuvi rasman e’lon qilinganidan 16 soat o‘tib oshkor qilindi. AQSH Energetika vazirligining dastlabki xabarida Isroil umuman tilga olinmagan edi.

Loyihaga ko‘ra, AQSH Saudiya Arabistoniga elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun yadro dasturini rivojlantirishda va uranni boyitishda ko‘maklashishi kerak. Biroq AQSHning o‘zida bu qaror keskin tanqidga uchradi — demokratlar va konservatorlar kelishuvda Saudiya Arabistonining kelajakda yadro quroli yaratmasligini kafolatlovchi xavfsizlik choralari yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Saudiyaning pozitsiyasi va tanqidlar

AQSH va Saudiya Arabistoni 2023 yilda ham mudofaa pakti va yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin bo‘lgan, biroq Isroilning G‘azodagi genotsidi bunga to‘sqinlik qilgan. Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish faqat Falastin davlati tashkil etilishiga qaratilgan ortga qaytmas qadamlar tashlanganidan so‘nggina mumkin bo‘lishini qat’iy ta’kidlab kelmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, joriy yilning fevral oyida AQSH va Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan hujumlardan so‘ng, Tehron mintaqadagi Fors ko‘rfazi davlatlarini nishonga ola boshlagan va bu vaziyatni yanada taranglashtirgan.

Teglar

Mavzuga oid