
Trampning keyingi nishonlari qaysi davlatlar bo‘lishi mumkin?
Venesueladagi operatsiyadan so‘ng AQSH prezidenti Donald Trampning navbatdagi tashqi siyosiy nishonlari sifatida ayrim davlatlar tilga olinmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelada Nikolas Maduro hokimiyatini ag‘darganidan keyin tashqi siyosatda yanada keskin qadamlar tashlashi mumkin. Bu haqda «The Guardian» nashrining katta xalqaro muxbirlaridan biri Julian Borger fikr bildirdi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, Venesueladagi voqealar Tramp uchun xorijiy hududlar, neft va tabiiy resurslar Nobel mukofotidan ko‘ra jozibaliroq ekanini ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur operatsiya Eron va Daniya kabi davlatlarda jiddiy xavotir uyg‘otgan.
Borger qayd etishicha, so‘nggi kunlarda Tramp Erondagi hukumatga qarshi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini ochiq aytgan. Shu bilan birga, amerikalik rasmiylar Grenlandiyani nazoratga olish ehtimoli haqida ham bir necha bor keskin bayonotlar bergan.
Dekabr oyida Daniya harbiy razvedka xizmati AQSHni mamlakat xavfsizligi uchun tahdid sifatida baholagan. Bu esa NATO ittifoqchilari o‘rtasida ilgari deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydigan holat sifatida qabul qilindi.
3-yanvar kuni Donald Tramp Kubani ham AQSH «e’tiboridagi davlatlar» ro‘yxatiga qo‘shganini ma’lum qildi. U Kubani Venesuelaga o‘xshatib, «Kuba xalqini ham qutqarishni istashi»ni aytgan.
Shu kuni AQSH prezidentining ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Millerning rafiqasi Keti Miller ijtimoiy tarmoqda AQSH bayrog‘i ranglarida bo‘yalgan Grenlandiya xaritasini joylashtirib, uni «yaqinda» degan izoh bilan qoldirdi. Bunga javoban Daniyaning AQSHdagi elchisi Yesper Meller Serensen mamlakat hududiy yaxlitligiga hurmat bilan yondashishga chaqirdi.
Rossiya va Amerika tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi Pavel Koshkin «Vedomosti» nashriga bergan sharhida Tramp oraliq muvaffaqiyatlarni ko‘rsa, tashqi siyosatda yanada qat’iy harakatlarga berilishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, ehtimoliy yangi nishonlar orasida eng real ssenariy Eron hisoblanadi.
Ekspertga ko‘ra, Venesuelaga qilingan hujum va Eronga nisbatan tahdidlar Tramp diplomatiyasining «kuch pozitsiyasi»ga asoslangan uslubiga mos keladi. Shu bilan birga, qaror qabul qilishda uning jamoasidagi izolyatsionist qarashdagi siyosatchilarning roli hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.





