Trampning o‘g‘illari Qozog‘istondagi «strategik metall» biznesiga kirdi

AQSH prezidentining o‘g‘illari Markaziy Osiyodagi eng yirik o‘zlashtirilmagan volfram konlaridan biriga sarmoya kiritdi. Loyiha ortida milliardlab dollarlik davlat qo‘llovi bor.

Trampning o‘g‘illari Qozog‘istondagi «strategik metall» biznesiga kirdi © SI asosida yaratilgan

AQSH prezidenti Donald Trampning o‘g‘illari — Erik va kichik Donald Tramp Qozog‘istondagi volfram loyihasiga ulushdor bo‘ldi. Ushbu loyiha ularning otasi ma’muriyati tomonidan 1,6 milliard dollar davlat ko‘magi olgan, deb xabar beradi «Financial Times».

FT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil avgust oyida aka-uka Tramplar «Skyline Builders Group» qurilish kompaniyasidagi ulushni «Dominari Securities» bilan bog‘liq maxsus vositachi kompaniya orqali sotib olgan.

Yirik volfram loyihasini «Cove Kaz Capital»ga berish

2025-yil 22-sentabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Donald Tramp bilan uchrashuvda yirik volfram loyihasini amerikalik sarmoya guruhi «Cove Kaz Capital»ga berish niyati borligini bildirgan. Ushbu kompaniya kon uchun xitoylik va rossiyalik da’vogarlar bilan raqobatlashgan. 21-oktabr kuni matbuotda To‘kayev va Tramp o‘rtasidagi kelishuv tafsilotlari e’lon qilinganidan so‘ng, 28-oktabrda prezident o‘g‘illari «Skyline»dagi ulushlarini oshirib, xususiy joylashtirish orqali qariyb 24 million dollar sarmoya kiritgan.

31-oktabr kuni esa «Skyline» Osiyodagi «muhim minerallar sohasida katta aktivlarga ega» kompaniyaning 20 foizi uchun 20 million dollar to‘lashga kelishgan. Bu kompaniya «Kaz Resources» bo‘lib, u «Cove Capital» tarkibiga kiradi.

6-noyabr kuni, Oq uyda o‘tgan sammit davomida «Cove Capital» va Qozog‘iston Milliy tog‘-kon kompaniyasi dunyodagi «eng yirik o‘zlashtirilmagan volfram koni»ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi. Gap Markaziy Qozog‘istonda joylashgan «Shimoliy Katpar» va «Yuqori Kayrakti» loyihalari haqida bormoqda. Loyihada 70 foiz ulush «Cove Kaz Capital»ga berilgan.

Qazib olish 3,5 yildan so‘ng boshlanadi

Muzokaralarga shaxsan Donald Tramp va AQSH savdo vaziri Hovard Latnik aralashgan, maqsad aktivni Xitoy nazoratiga o‘tib ketishining oldini olish bo‘lgan. Kon qurilishi ikki yildan so‘ng boshlanishi, qazib olish esa uch yarim yildan keyin yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

30-aprel kuni «Skyline Builders Group» «Cove Kaz Capital» va «Kaz Resources» bilan qo‘shilishini e’lon qildi. Yangi kompaniya «Nasdaq» birjasida «KAZR» tikeri ostida savdo qiladi. Press-relizda aka-uka Tramplar tilga olinmagan.

AQSH Eksim banki va AQSH Xalqaro moliyaviy hamkorligi loyiha uchun 1,6 milliard dollargacha mablag‘ ajratgan. Volfram mudofaa sanoati uchun strategik metall hisoblanadi. AQSHda uni qazib olish 2015-yildan buyon amalga oshirilmaydi va mamlakat asosan Xitoy importiga bog‘liq.

Kichik Donald Trampning vakili «Financial Times»ga u «passiv investor» ekanini, investitsiya kiritgan kompaniyalar nomidan federal hukumat bilan muloqot qilmasligini aytgan. Erik Tramp esa nashr so‘rovlariga javob bermagan. Oq uy ham bu holat yuzasidan izoh bermagan.

Teglar

Mavzuga oid