Trampning «savdo urushi» barbod bo‘ldi: Oliy sud kutilmagan qaror chiqardi
AQSH prezidentining iqtisodiy vakolatlari cheklanmoqda, millionlab dollarlik bojlar bekor qilinishi mumkin.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Oliy sudi prezident Donald Tramp tomonidan joriy etilgan import bojlarini bekor qilish haqida qaror chiqardi. Sud xulosasiga ko‘ra, Favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun prezidentga mustaqil ravishda bojlar joriy etish huquqini bermaydi.
«Ushbu rolni bajargan holda, biz favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun prezidentga bojlar joriy etish vakolatini bermaydi deb hisoblaymiz», - deyiladi sud hujjatida.
«Bloomberg» nashri bu voqeani Trampning Oq uyga qaytganidan beri eng yirik huquqiy mag‘lubiyati deb atadi.
AQSH Konstitutsiyasi Kongressga import tariflarini belgilash bo‘yicha istisnoiy huquq beradi. Biroq Tramp bir necha bor 1977 yildagi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga tayanib, qonun chiqaruvchi hokimiyat roziligisiz ham bojlar joriy etishi mumkinligini ta’kidlab kelgan.
Ushbu hujjat davlat rahbariga favqulodda holat e’lon qilinganidan keyin iqtisodiy operatsiyalarni, jumladan xorijiy mahsulotlar importini tartibga solish imkonini beradi.
Oliy sud qarori Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan tariflarning katta qismiga daxl qiladi, lekin ularning hammasiga emas. Xususan, quyidagilar zarba ostida qoldi:
• dunyoning aksariyat mamlakatlariga nisbatan joriy etilgan «o‘zaro» bojlar;
• Xitoy, Kanada va Meksikadan keladigan tovarlarga AQSHga fentanil sintetik opioidi kontrabandasiga qarshi kurashish zaruriyati bilan asoslangan tariflar;
• Rossiya neftini sotib olgani uchun Hindistonga qarshi joriy etilgan «ikkilamchi» bojlar.
Shu bilan birga, sud qarori po‘lat va alyuminiy importiga qo‘yilgan bojlarga taalluqli emas, chunki ular boshqa qonunchilik normalari asosida joriy etilgan edi.





