Logo

Transport imtiyozini olish tartibi o‘zgaradi

Kecha 22:172 daqiqa

Qog‘oz talonlar bekor qilinib, imtiyozlardan foydalanish ID-karta va «Baraka» ilovasiga o‘tkaziladi.

Transport imtiyozini olish tartibi o‘zgaradi © vaqt.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va reabilitatsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Takliflarga ko‘ra, 2026 yil 1-sentabrdan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahalla va tuman darajasida jabrlangan shaxslarning holatini baholash hamda ularni tegishli ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi va hududiy markazlari etib qayta nomlanadi.

Bola savdosi uchun alohida javobgarlik belgilanadi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatidagi hududiy markazlarda odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 40 ta o‘rin yaratiladi.

Shu bilan birga, bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning mehnat va tashqi migratsiya xizmatlari bilan shug‘ullanish huquqini cheklash hamda mazkur sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilish taklif etildi.

Transport imtiyozlari raqamlashtiriladi

Yig‘ilishda imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Hozirda 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan 48,4 mingdan ortiq fuqaro ushbu imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. 2025 yilda ular transport xizmatlaridan 1,7 million marta foydalangan.

Yangi tartibga muvofiq, 11 toifadagi fuqarolar havo, temir yo‘l va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50 foizlik chegirma oladi. Qog‘oz talonlar bekor qilinib, chipta xarid qilishda ID-karta yoki biometrik pasportning o‘zi yetarli bo‘ladi. Imtiyoz huquqi «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali tekshiriladi.

2027 yil 1-yanvardan esa imtiyozli avia, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini «Baraka» ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, yangi xizmatlarni joylarda sifatli yo‘lga qo‘yish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Teglar