Tunis sobiq prezidenti sirtdan 22 yilga qamaldi
21.06.2025 | 18:303 daqiqa
Sobiq prezident Monsef Marzukiy Tunis hukumati tomonidan davlat xavfsizligiga tahdid solganlik va amaldagi prezidentni tanqid qilgani uchun sirtdan 22 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu Marzukiy uchun chiqarilgan navbatdagi hukm hisoblanadi.

Tunis so‘nggi yillarda siyosiy tartibda jiddiy o‘zgarishlarga duch kelmoqda. Mamlakat sudi 2011–2014 yillarda prezident lavozimida ishlagan Monsef Marzukiyni sirtdan 22 yilga qamoq jazosiga hukm qildi. Uning ayblanishiga sabab — amaldagi prezident Qays Saidni tanqid qilib, davlat xavfsizligiga tahdid solgani bo‘lgan.
Marzukiy Saidni parlamentni tarqatib, barcha hokimiyatni shaxsan nazoratga olgani uchun avtoritar boshqaruv o‘rnatganlikda ayblab keladi. Said esa o‘z harakatlarini mamlakatdagi beqarorlikni bartaraf etish uchun majburiy chora sifatida baholaydi. Sud qarori Marzukiyga nisbatan chiqarilgan uchinchi hukm bo‘ldi — u avvalroq 8 va 4 yillik qamoq jazolariga ham tortilgan edi.
Tunisda siyosiy muxolifatga bosim tobora kuchayib bormoqda. Shu kunning o‘zida, muxolifatdagi «An-Nahda» partiyasining yetakchi vakili Sahbiy Atiq pora olishda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Aprel oyida esa bir guruh siyosatchilar, tadbirkorlar va advokatlar 66 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Hozirgi vaqtda Tunisdagi ko‘plab taniqli siyosiy shaxslar qamoqda qolmoqda. Ular orasida «Ozod Konstitutsiyaviy partiya» rahbari Abir Mussiy va «An-Nahda» yetakchisi Roshid G‘annushiy ham bor.





