add

Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiyalar ajratiladi

20.11.2025 | 20:582082 Daqiqa

Prezident tomonidan qabul qilingan yangi qaror bilan turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qator imtiyozlar joriy etilmoqda.

Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiyalar ajratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2026 yil 1-fevraldan boshlab chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.

2026 yil 1-martdan boshlab Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, jamg‘arma hisobidan mehmonxonalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatda nazarda tutilgan xalqaro e’tirof etilgan «yashil» sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-apreldan boshlab xalqaro konferensiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi.

2030 yil 1-yanvarga qadar «Brand Finance» kompaniyasining top-50 talik reytingiga kiruvchi brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega mehmonxona qurilishini boshlagan tadbirkorlik sub’ektlari qurish va jihozlashda mazkur brendning talabiga bilan olib kelinadigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlariga bojxona boji to‘lanmaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiyalar ajratiladi | Vaqt.uz