
Turkiya va Buyuk Britaniya vodorodli poyezdlar ishlab chiqarishda hamkorlik qiladi
Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiya–Buyuk Britaniya temir yo‘l forumida ikki davlat vodorodli poyezdlar ishlab chiqarish va rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzoladi.

Imzolangan memorandumga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida texnik hamkorlik, loyiha rejalashtirish va ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun maxsus muloqot mexanizmi yaratiladi.
Buyuk Britaniyaning Anqaradagi elchisi Jill Morris ushbu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni ifoda etishini ta’kidlab, Turkiyaning NATOdagi ittifoqdoshi va G20 a’zosi sifatida strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasida hozirda 28 mlrd funtlik tovar ayirboshlash amalga oshirilmoqda va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda.
Turkiya Infratuzilma investitsiyalari boshqarmasi rahbari Yalchin Eyigun mamlakatning temir yo‘l sohasidagi tarixiy tajribasini ta’kidlar ekan, Londondan Xitoygacha bo‘lgan tarmoqda Turkiyaning geosiyosiy ahamiyati katta ekanini aytdi. U Zangezur koridori ham aynan mana shu strategik yo‘nalishdagi muhim loyiha ekanini va u Ozarboyjongacha bog‘lanishini ma’lum qildi.
Forumda, shuningdek, Buyuk Britaniyaning ko‘magida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar ham tilga olindi. 300 km uzunlikdagi, 4 yirik shaharni bog‘lovchi tarmoq nafaqat yo‘lovchi, balki savdo poyezdlari uchun ham xizmat qiladi.
Turkiya barcha shaharlarni temir yo‘l tarmog‘i orqali bog‘lashni maqsad qilmoqda. Bu loyihalar nafaqat infratuzilma, balki mamlakat taraqqiyotining asosiy tamal toshi ekani ta’kidlandi.





