Uch oyda O‘zbekistondagi banklar qancha sof foyda oldi?

Kecha 21:362 daqiqa

1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 34 ta bankdan oltitasi 300 milliard so‘mdan ortiq sof foyda ko‘rgan.

Uch oyda O‘zbekistondagi banklar qancha sof foyda oldi? © Vaqt.uz

2026 yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimining sof foydasi 5 trillion 524,4 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 3 trillion 419 milliard so‘mga nisbatan 61,6 foizga ko‘pdir. Bu haqda Markaziy bankning bank tizimi daromadliligi ko‘rsatkichlariga doir rasmiy hisobotida ma’lum qilindi.

Banklarning foizli daromadlari sezilarli darajada oshib, 35 trillion 78,8 milliard so‘mga yetdi. Shu bilan birga, foizli xarajatlar 25 trillion 196,4 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, natijaviy foizli marja 9 trillion 882,4 milliard so‘m bo‘lib shakllandi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida foizli marja 8 trillion 818,8 milliard so‘mga teng edi.

Tizimning foizsiz daromadlari ham keskin o‘sish ko‘rsatib, 22 trillion 780,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Ushbu yo‘nalishdagi xarajatlar chegirilgandan so‘ng, banklarning foizsiz faoliyatdan ko‘rgan sof daromadi 7 trillion 473,2 milliard so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning birinchi choragidagi 5 trillion 423,5 milliard so‘mlik natijadan qariyb 2 trillion so‘mga ko‘pdir.

1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 34 ta bankdan oltitasi 300 milliard so‘mdan ortiq sof foyda ko‘rgan. Reytingning birinchi pog‘onasini o‘tgan yilning shu davrini zarar bilan yakunlagan «Ipoteka-bank» egalladi — 846,4 milliard so‘m. Ikkinchi o‘rinda 603,2 milliard so‘m sof foyda bilan «O‘zmilliybank» joylashgan bo‘lsa, kuchli uchlikni 550,04 milliard so‘m bilan «O‘zsanoatqurilishbank» yakunladi.

Shuningdek, quyidagi banklar eng yuqori sof foyda ko‘rgan muassasalar qatoridan joy oldi:

• «Hamkorbank» — 467,7 milliard so‘m;

• «Xalq banki» — 326 milliard so‘m;

• «Kapitalbank» — 324,9 milliard so‘m.

Hisobot davrida faqat bitta «AVO bank» faoliyatini zarar bilan yakunlagan. Yanvar-mart oylarida u ko‘rgan zarar miqdori 2,97 milliard so‘mni tashkil etgan.

Bank tizimi samaradorligini belgilovchi rentabellik ko‘rsatkichlarida ham ijobiy dinamika kuzatildi:

ROA (aktivlar rentabelligi) — 2,08 foizdan 2,64 foizgacha ko‘tarildi;

ROE (kapital rentabelligi) — 11,61 foizdan 15,98 foizgacha yaxshilandi.

Hisobot davrida banklar tomonidan kredit va lizing bo‘yicha ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni baholash uchun 8 trillion 76 milliard so‘m ajratilgan. Soliq to‘langunga qadar bank tizimining umumiy foydasi 6 trillion 212,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Shundan 687,8 milliard so‘mi foyda solig‘i sifatida to‘langan.

Shuningdek, sof foizli marjaning jami aktivlarga nisbati 4,19 foizni, kreditlar bo‘yicha olingan sof foizli daromadlarning jami kredit qo‘yilmalariga nisbati esa 6,34 foizni tashkil etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Uch oyda O‘zbekistondagi banklar qancha sof foyda oldi? | Vaqt.uz