Uchta bankda aksiyadorlar tarkibi qayta taqsimlanadi

27.02.2026 | 14:552 daqiqa

Yirik banklar ustav kapitalidagi davlat ulushlari bir oy ichida qayta taqsimlanadi.

Uchta bankda aksiyadorlar tarkibi qayta taqsimlanadi © © Foto: spot.uz

2026 yil 25-fevralda qabul qilingan «Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–74-son qaror bilan uchta yirik bank — «O‘zsanoatqurilishbank», «O‘zmilliybank» va AT «Xalq banki» aksiyadorlari tarkibida aniq o‘zgarishlar belgilandi.

Qarorga muvofiq, «O‘zsanoatqurilishbank» ustav kapitalidagi 10 foiz ulush dastlab Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga nominal qiymatda o‘tkaziladi. Keyin ushbu ulush vazirlik tomonidan Milliy investitsiya jamg‘armasi ustav kapitaliga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, «O‘zmilliybank» ustav kapitalidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli 10 foiz aksiya paketi nominal qiymatda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Hozirda bank aksiyalarining 40,75 foizi vazirlikka, 59,25 foizi jamg‘armaga tegishli.

«Xalq banki» ustav kapitalidagi Milliy investitsiya jamg‘armasiga qarashli 30 foiz aksiya paketi esa Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkaziladi. Amalda bank aksiyadorlari tarkibida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 66,02 foiz, Milliy investitsiya jamg‘armasi 30 foiz va vazirlik 3,98 foiz ulushga ega.

Qarorga ko‘ra, Jamg‘arma ulushi mavjud banklarda hisoblangan dividendlarni bank ixtiyorida qoldirishni nazarda tutuvchi hujjatlar qabul qilinishi taqiqlanadi. Aktivlar bilan bog‘liq qarorlar faqat Jamg‘arma bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, tijorat banklari kuzatuv kengashlarida mustaqil a’zolar ulushi 50 foizga yetkaziladi, xalqaro mutaxassislar jalb etiladi va boshqaruvda zamonaviy texnologiyalar joriy qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bank va yirik davlat korxonalari rahbarlarining lavozimiga mosligi tekshirilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid