add

Ulgurji iste’molchilar uchun elektr energiyasi «soatbay» narxlarda sotiladigan tizim joriy etiladi

Kecha 22:204 daqiqa

2030 yilgacha iqtisodiyotda energiya sarfini 20 foizga kamaytirish va sohaga xususiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

Ulgurji iste’molchilar uchun elektr energiyasi «soatbay» narxlarda sotiladigan tizim joriy etiladi

Xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, respublikada binolarning yakuniy energiya iste’molidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan energiya samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasi ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimotda aytildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda tashkil etilgan energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida alohida agentlikka 2030 yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy ob’ektlarda esa energiya iste’molini 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan.

Taqdimotda agentlikning 2026 yildagi faoliyati rejalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatdagi binolarning katta qismi o‘tgan asrning 60-70-yillarida qurilgan bo‘lib, ularda energiya sarfi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois, ijtimoiy ob’ektlar va aholi turar joylarini energiya samarador ob’ektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Joriy yilda bunga 150 milliard so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Yig‘ilishda respublikadagi 30 mingga yaqin ijtimoiy ob’ektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari ishtiroki va xususiy sektor investitsiyalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obyekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablag‘ jalb etiladi.

Shu bilan birga, energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari – energiya servis kompaniyalarining xizmatlarini (ESCO) rivojlantirish va ushbu bozorni shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Binolarni energiya auditdan o‘tkazish, energiya samaradorlik standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng qo‘llash rejalari haqida axborot berildi.

Sanoat sohasida ham energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellarini o‘rnatib, 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi va korxonalarning 693 milliard so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.

Markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimidagi mavjud muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarining bir qismi eskirishi oqibatida energiya yo‘qotishlari yuqori darajada qolmoqda. Shu bois, joriy yilda issiqlik qozonxonalari va tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni “yopiq tizim”ga o‘tkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarga binolarni qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorlik standartlari va ta’sirchan qoidalarni ishlab chiqish topshirildi.

Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.

Hozirgi kunga qadar yiliga 10 million kilovatt-soatdan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan ulgurji iste’molchilar ro‘yxati tuzildi. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etildi.

bugungi kunda energetika va kommunal sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirildi.

Prezident mazkur takliflarni ma’qullab, energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.

Prokuratura va ichki ishlar organlari oldiga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qat’iy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash yuzasidan hokimliklar bilan yaqindan ishlash vazifasi qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid