
Urush taqdirini xalq hal qiladi: Zelenskiy hududiy yon berishlarni referendumga qo‘ymoqchi
Ukraina prezidenti 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish sharti bilan tinchlik rejasini xalq muhokamasiga qo‘yishi mumkinligini bildirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya tomonidan kamida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinsa, urushni yakunlashga qaratilgan tinchlik rejasini umumxalq referendumiga qo‘yishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda u AQSH prezidenti Donald Tramp bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha asosiy kelishuv parametrlarini muvofiqlashtirishga umid qilmoqda. Bu muzokaralar Vashingtonning mojaroni tezroq diplomatik yo‘l bilan hal qilishga intilishi fonida kechmoqda.
Nashr ma’lum qilishicha, Tramp tomonidan taklif etilayotgan rejada hanuz Ukraina uchun og‘riqli hisoblangan hududiy yon berishlar masalasi saqlanib qolmoqda. Zelenskiy esa bu shartlarni yumshatish yoki Ukraina uchun maqbulroq shaklga keltirishga harakat qilayotganini yashirmagan.
Prezident ta’kidlashicha, agar u hududiy masalalar bo‘yicha «kuchli» pozitsiyani himoya qila olmasa, u holda bunday qarorni yakka o‘zi qabul qila olmaydi. Shu sababli, u Ukraina xalqining to‘g‘ridan-to‘g‘ri roziligini olishni muhim deb hisoblaydi.
Axios yozishicha, AQSH tomoni Zelenskiyning referendum o‘tkazishga tayyorligi va hududiy yon berishlarni mutlaq inkor etmaslik pozitsiyasini jiddiy siyosiy signal sifatida baholamoqda. Bu qadam muzokaralar uchun yangi imkoniyat ochishi mumkin.
Shu bilan birga, Zelenskiy referendum o‘tkazish jiddiy siyosiy, logistik va xavfsizlik muammolari bilan bog‘liq ekanini qayd etdi. Uning fikricha, bunday ovoz berishni tayyorlash va o‘tkazish uchun 60 kunlik sulh eng kamida zarur bo‘lgan muddat hisoblanadi.





