
Urush xavfi chekindi: Trampning bayonotlaridan so‘ng neft narxi tushmoqda
AQSH prezidentining Eron haqidagi so‘zlari geosiyosiy xavotirlarni pasaytirib, neft narxlarining keskin tushishiga olib keldi.

Bugun, 15-yanvar kuni jahon bozorlarida neft narxi 3 foizdan ko‘proqqa pasaydi. Bu holat AQSH prezidenti Donald Trampning Erondagi namoyishlar vaqtida sodir etilgan qotilliklar kamaygani haqidagi bayonotlaridan so‘ng kuzatildi. Ushbu izohlar Eronga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar va ta’minotdagi uzilishlar bo‘yicha xavotirlarni yumshatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Brent markali neft fyucherslari 3,14 foizga arzonlashib, bir barreli 64,43 dollarga tushdi. WTI markali neft esa 3,13 foizga pasayib, bir barreli 60,08 dollardan savdo qilindi. Bu ikki marka ham bir kun oldin 1 foizdan ko‘proqqa o‘sgan edi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Trampning chiqishi AQSH tomonidan Eronga nisbatan harbiy zarba ehtimoli kamaygani haqida signal sifatida qabul qilingan. Prezident chorshanba kuni unga Eronda hukumatga qarshi namoyishchilar o‘ldirilishi keskin kamaygani haqida axborot berilganini, shuningdek, ommaviy qatl rejalari mavjud emasligini aytgan.
Nissan Securities Investment kompaniyasi tahlilchisi Xiroyuki Kikukavaning aytishicha, «AQSH Eronga qarshi harbiy harakatlarni boshlamaydi degan umidlar fonida sotish bosimi ustunlik qilgan». U, shuningdek, AQSHda neft zaxiralari kutilganidan yuqori ekanligi narxlarga salbiy ta’sir etgan omil sifatida qayd etdi.
Tahlilchi fikricha, geosiyosiy xatarlar saqlanib qolayotganiga qaramasdan, qisqa muddatda WTI nefti 55–65 dollar oralig‘ida savdo qilinishi ehtimoli yuqori. Bu esa bozorda ehtiyotkorlik kayfiyati hanuz ustun ekanini ko‘rsatadi.





