Uy-joy uchun subsidiyaga ariza qabul qilish muddati e’lon qilindi

10.03.2026 | 15:102 daqiqa

O‘zbekistonda uy-joy uchun ipoteka subsidiyasiga arizalarni my.gov.uz yoki DXM orqali topshirish mumkin.

Uy-joy uchun subsidiyaga ariza qabul qilish muddati e’lon qilindi

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish uchun arizalar 2026 yil 16-mart kuni soat 09:00 dan boshlab qabul qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24-fevraldagi 29-sonli farmonida belgilangan.

Subsidiya ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalni qoplash yoki kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun ajratiladi.

Arizalarni topshirish

Fuqarolar arizani ikki xil usulda topshirishi mumkin. Birinchi usul — Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish. Ikkinchi usul — my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda ariza yuborish.

Arizalarni qabul qilish jarayoni 2026 yil 1-dekabriga qadar davom etadi. Shu vaqt davomida ipoteka subsidiyasini olish istagida bo‘lgan fuqarolar belgilangan tartibda hujjatlarini taqdim etishi mumkin.

Subsidiyadan foydalanish uchun asosiy talablardan biri — ariza beruvchining o‘rtacha oylik daromadi belgilangan me’yorlarga mos bo‘lishi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda yashovchilar uchun bu ko‘rsatkich mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha bo‘lishi kerak.

Toshkent shahrida esa daromad mezoni biroz yuqoriroq belgilangan. Poytaxtda yashovchi fuqarolarning o‘rtacha oylik daromadi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha bo‘lishi talab etiladi.

Subsidiya olish uchun ariza bergan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga mosligi Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz dasturiy tizimi orqali tekshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yildan boshlab ipoteka kreditlari budjet mablag‘lari hisobidan asosan rasmiy daromadga ega fuqarolarga ajratiladi. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ham ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatiga bosqichma-bosqich ega bo‘ladi.

Xususan, 2026-yilda oxirgi bir yil, 2027-yilda oxirgi ikki yil va 2028-yildan boshlab oxirgi uch yil davomida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lab kelayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ipoteka kreditlarini olishi mumkin bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid