
Uy olish xavfsizligi: ulushli qurilishda yangi qoidalar taklif qilindi
O‘zbekistonda ulushli qurilish tartibi qayta ko‘rib chiqilib, qurilish kechikishi va mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi xavflarini kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

O‘zbekistonda uy-joyni qurilish jarayonida ulush asosida sotish tartibi o‘zgartirilishi mumkin. Qonun loyihasi ulushli qurilishdagi xavf-xatarlarni kamaytirish va ulushdorlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan.
Bozorda ko‘pchilik uchun asosiy muammo qurilish muddatlarining kechikishi, loyihaning to‘xtap qolishi yoki to‘langan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi hisoblanadi. Shu bois, yangi tartiblar orqali «uy olaman» deb to‘lov qilgan fuqarolarning huquqlari birinchi o‘ringa qo‘yiladi.
Qonun loyihasi developerlar uchun qo‘shimcha talab va cheklovlar joriy etishni, ulushdorlarning mablag‘lari maqsadli sarflanishi hamda huquqiy kafolatlar orqali himoya qilinishi mexanizmlarini o‘z ichiga oladi. Bu ulushli qurilish bozorida professional va moliyaviy barqaror developerlarning ulushini oshirishga ham xizmat qiladi.
Jamoatchilik qonun loyihasi bilan tanishib, o‘z taklif va e’tirozlarini belgilangan tartibda taqdim etishi mumkin. Bu jarayon orqali yangi tartiblar amalda qonuniy va shaffof yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1-iyuldan boshlab Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan inson omili ishtirokisiz, raqamlashtirilgan yangi Eskrou tizimi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish boshlandi. Aniqroq aytganda, tizim mijoz pulini himoyalaydi va ishonch kafolatlanadi. Endi ushbu tizim orqali xonadon xarid qilayotgan fuqarolar ko‘chalarda sarson bo‘lmaydi.
Uyda turib ham O‘zbekistonning qayerida qaysi kompaniya tomnidan necha qavatli uy qurilayotganini kuzatishlari mumkin bo‘ladi. Tizimda qurilish tashkiloti rahbari, loyiha muallifi, qurilish ob’ektining pasporti, eskizi va joylashuvi kiritilgan. Birgina QR kod orqali bu amallarni boshlash mumkin bo‘ladi.





