Uyma-uy yurib birka taqish va elektron baza: Identifikatsiya jarayoniga veterinarlar yetarlimi?
«Fikr vaqti» dasturining navbatdagi soni 6-avgustdan e’tiboran kuchga kirgan chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yangi tartib muhokamasiga bag‘ishlandi. Dastur davomida Hayvonlarni identifikatsiya qilish va kuzatish markazi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Qo‘ziboyev O‘zbekistondagi chorva hayvonlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va bu ishlarni davom ettirish uchun veterinariya tizimi qanchalik tayyor, degan savolga ham javob berdi.

— Hozir veterinariya bo‘limlari qanday ishlayapti? Har yili chorva hayvonlari orasida juda ko‘p kasalliklar tarqalyapti va buning oqibatida minglab chorva mollari qirilib ketmoqda. Veterinariya qo‘mitasi esa o‘zini «boshini qumga tiqqan tuyaqush» misoli tutib, buni tan olmaydi. Go‘yo jiddiy kasallik yo‘q, deydi. Murojaatchilarning aytishicha, o‘sha vaqtda ular veterinarlarga telefon qilsa, «biz ulgurmayapmiz, shtat birliklari juda kam» degan mazmunda javobni eshitishadi. Xo‘sh, bitta kasallik oldidan chorva hayvonlarini emlashga ulgurmayotgan veterinarlar buncha yuklamaga bardosh bera oladi deb hisoblaysizmi?
— To‘g‘ri aytasiz, albatta, ba’zi hududlarda veterinariya xodimlarimizning shtat birliklari juda kam...
— Ba’zi hududlar demaylik, hamma hududda deng.
— Hamma hududda shtat birligi kam, aka, to‘g‘risini aytsak. Mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj baribir yuqori. Keyin har bir tumanda, masalan, bitta yoki ikkita MFYga bitta poliklinika bo‘lishi mumkin. Lekin o‘sha hayvonlarga qaraydigan odam bitta. Uchta mahallaga ham, beshta mahallaga ham bitta odam biriktirilgan. Birinchidan, haqiqatan ham shtat birligi juda kam. Ikkinchidan, bu yil butun dunyoda chorva uchun juda og‘ir keldi. Yashiradigan joyi yo‘q, haqiqatan ham oqsil...
— Ha, veterinarlarning ahvoli ham yaxshi emas. Ular velosipedini minib oladi-da, uyma-uy aylanib yuradi. Qani bu mutasaddilar «butun dunyoda og‘ir keldi, bizda ham shunaqa bo‘lyapti» deya hech bo‘lmasa samimiy tan olsa muammoni. Odamlarni yolg‘on bilan qiynashyapti.
— Yo‘q, endi bu vaksinamiz, davlat...
— Mayli, savolga javob beravering, ya’ni ulgurish masalasi qanday bo‘ladi? Hozir men bilishimcha, har bitta chorvani so‘yganda, albatta, veterinar xabardor bo‘lishi yoki kelishi kerak ekan. Bu degani tumandagi poliklinika yoki markaziy shifoxonada xodimlar soni eng kamida shunga yetishi kerak-da, to‘g‘rimi? Xodimlar soni ko‘paytirilishi kerak. Bu esa budjet ko‘tara olmaydigan yangi bir yuk paydo bo‘lyapti degani emasmi? Jarayonga qanday ulgurmoqchisizlar?
— Endi, albatta, savolingiz o‘rinli. Mutaxassislarimiz shundan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilib chiqishgan: bitta veterinar uchastka xodimi bir kunda 32 ta chorva hayvonini identifikatsiya qilib, elektron axborot bazasiga kiritish imkoniga ega. Buning ichidan vaksinatsiya jarayoni, dam olish va boshqa vaqtlarni chiqarib tashlaganmiz. Chunki uyga kirsangiz, ko‘pincha yoshi katta insonlar yoki ayollar bo‘ladi, chorvani ushlab turadigan (fiksatsiya qiladigan) odam topilmaydi. Shuning uchun veterinariya shifokorlarimiz yonida yordamchilarini olib yuradi. Molni ushlab, qulog‘iga birka taqishga 1-2 minut vaqt ketsa, bazaga kiritishga 1 minut, uzoq bo‘lsa 5 minut vaqt ketadi.
— Internet ishlamaydigan joylarda-chi? Bu ham hisoblanganmi?
— Ha, oflayn ravishda ishlayveradi. Qog‘ozga yozib oladi-da, ishxonasiga kirganda bazaga kiritib qo‘yadi. Lekin haqiqatan ham shtat birliklari masalasida... Bizda shunday katta shior bor: «Tibbiyot insonni davolasa, veterinariya insoniyatni davolaydi».
Intervyuni to‘liq holda ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Teglar






