«Uzbekistan Airways» IPO’si 2027-yilga qoldiriladi – vazirlik
Tarmoqlarda milliy aviakompaniya IPO’si kelgusi yilga kechiktirilishi haqida xabarlar tarqaldi. Vaqt.uz holat yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, kechiktirilish sabablariga aniqlik kiritdi.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2026-yilning ikkinchi yarmida xususiylashtirilishi rejalashtirilgan «Uzbekistan Airways» aksiyalarini IPO orqali joylashtirish 2027-yilga ko‘chirilishi haqida xabarlar tarqaldi. Vaqt.uz holat yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligidan izoh oldi.
Dastlab prezidentning 2025-yil 21-apreldagi qaroriga muvofiq, «Uzbekistan Airways» aksiyalarining 15–20 foizini 2026-yilning ikkinchi yarmida IPO orqali ommaviy savdoga chiqarish rejalashtirilgan edi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati vakili Rushana Umarovaning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, muddatning o‘zgarishi kompaniyani IPO jarayoniga puxta tayyorlash va barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq.
«Hozirgi bosqichda kompaniyani IPO’ga chiqarish 2027-yilga rejalashtirilmoqda. Bu kompaniyani mazkur jarayonga puxta tayyorlash, shuningdek, barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq», — dedi vazirlik vakili.
Shuningdek, ayni paytda «Uzbekistan Airways»ni transformatsiya qilish va IPO’ga tayyorlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Muddat o‘zgarishi haqida avval ham gapirilgan
Bu muddatning o‘zgarishi haqida avvalroq ham ma’lumot berilgan edi. 2026-yilning iyunida hukumat «Uzbekistan Airways» va «O‘zbektelekom» aksiyalarining xalqaro fond bozorlariga chiqishini 2027-yilga rejalashtirayotganini bildirgan. O‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat kompaniyalarini IPO’ga olib chiqishdan oldin ularni chuqur transformatsiya qilish zarurligini ta’kidlagan.
Eng muhim jihati, vazirning bayonotlariga qaramay prezident matbuot xizmati 15-iyulda «Uzbekistan Airways» qatorida yana to‘rtta kompaniya – «SQB», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «O‘zbektelekom» bo‘yicha ishlar shu yilning o‘zida yakunlanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
O‘sha vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va IPO’ga tayyorlash ishlarini jadallashtirish haqidagi taqdimot bilan tanishgan.
Transformatsiya dasturida 115 ta chora bor
«Uzbekistan Airways» uchun «Franklin Templeton» vakillari ishtirokida 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. Prezident tanishgan taqdimotda ushbu dastur to‘liq amalga oshirilsa, aviakompaniyaning yillik operatsion daromadini 120 mln dollargacha oshirish imkoniyati borligi qayd etilgan.
Dastur doirasida marshrutlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvlarni ko‘paytirish, mijozlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, kechikish va reyslar bekor qilinishini kamaytirish, shuningdek, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish tizimlari samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu choralar kompaniyaning bozor qiymatini 1,6 mlrd dollardan 2,3 mlrd dollargacha oshirish imkonini berishi prognoz qilinmoqda.





