Uzcard 2025-yilda 100 mln dollardan ko‘proq foyda oldi
Kompaniya O‘zbekistondagi 90 foiz bankka nisbatan ko‘proq foyda olishga erishdi.

«Yagona umumrespublika protsessing markazi» — Uzcard to‘lov tizimi 2025-yilda 1,3 trln so‘m sof foyda olishga erishdi. Bu haqda kompaniyaning yil yakunilari bo‘yicha moliyaviy hisobotidan ma’lum bo‘ldi.
Uzcard foydasi dollarda hisoblanganda 103,8 mln dollarni tashkil qildi. Sof foyda 2024-yildagi 955 mlrd so‘mga nisbatan qariyb 37 foizga ko‘paygan.
Kompaniya daromadi 2025-yilda 68 foizga oshib, 2,2 trln so‘mgacha ko‘tarildi. Daromadning asosiy qismi quyidagi manbalardan shakllangan:
Tranzaksiyalar protsessingidan olingan komissiyalar — 1,94 trln so‘m
Tranzaksion bo‘lmagan protsessing komissiyalari — 230,6 mlrd so‘m
Boshqa tushumlar — 2,6 mlrd so‘m
Yil davomida Uzcard aktivlari 48 foizga o‘sib, 1,1 trln so‘mga yetdi. Kapital esa 37 foizga ko‘payib, 809 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Shunga qaramay, foyda solig‘i kamroq to‘lanmoqda. 2024-yilda 6,39 trln so‘mlik soliq to‘langan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,18 trln so‘mgacha tushib ketdi.
Bunga Uzcard’ning IT-Park rezidenti sifatida berilgan qator imtiyozlardan foydalanib kelayotgani sabab bo‘ldi.
Moliyaviy hisobot dunyodagi yetakchi auditorlik kompaniyalari — «Katta to‘rtlik» tarkibiga kiruvchi Ernst & Young (EY) tomonidan auditdan o‘tkazilgan.
Sof foyda bo‘yicha Uzcard O‘zbekistondagi deyarli 90 foiz bankka nisbatan ko‘proq foyda olgan. Kompaniyaga nisbatan banklardan o‘tgan yil faqat «Milliy bank», «SQB», «Kapitalbank» va «Hamkorbank» ko‘proq foyda olishga erishdi.





