«Uzsungwoo»ning 50 foizi 585 mlrd so‘mga sotildi
«Roodell» MCHJ UzAuto Motors kompaniyasiga muhim ehtiyot qismlarini yetkazib beruvchi kompaniyadagi davlat ulushini sotib oldi.

Bugun, 1-iyun kuni «Uzsungwoo» MCHJ qo‘shma korxonasidagi 50 foiz davlat ulushi uchun auksion bo‘lib o‘tdi.
Kimoshdi savdosida 585,8 mlrd сўм narx bilan «Roodell» MCHJ g‘olib deb topildi. Boshlang‘ich narx 390,5 mlrd so‘m edi.
«Uzsungwoo» kompaniyasining qolgan ulushiga Janubiy Koreyaning Sungwoo Hitech Co. Ltd (40 foiz) va I-Zone Co. LTD (10 foiz) kompaniyalari egalik qiladi.
Shu tariqa, auksion natijalari bo‘yicha «Uzsungwoo» kompaniyasining umumiy qiymati qariyb 1,2 trln so‘m yoki 100 mln dollarga baholandi.
Kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilishicha, «Uzsungwoo» yengil avtomobillar uchun shtamplangan va payvandlangan avtomobil qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tashkilotdir.
Farg‘ona shahrida joylashgan zavod asosan UzAuto Motors ishlab chiqaradigan avtomobillar (masalan, Chevrolet Cobalt) uchun ehtiyot qismlar yetkazib beradi.
«Roodell» qanday kompaniya?
«Roodell» MCHJ — ADM kompaniyalar guruhining yuridik nomi hisoblanadi. Kompaniya 2014-yili tashkil etilgan bo‘lib, «ADM Jizzakh» zavodida ishlab chiqariladigan avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanadi.
Jizzaxdagi zavodda Kia, Chery, Haval va Changan kabi avtomobil brendlari ishlab chiqariladi. Ularga talab so‘nggi yillarda sezilarli o‘smoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonda sotilgan mahalliy avtomobillarning 11,9 foizi «ADM Jizzakh» zavodiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkich ikki yil avval atigi 7 foiz edi.
Bundan o‘sish fonida sotilgan avtomobillar orasida UzAuto Motors ulushi aprel oyi yakuniga kelib ilk marta 50 foizdan pasayib ketdi.
«Roodell» kompaniyasi 2025-yili davomida 1,2 trln so‘mga yaqin daromad qilib, 410 mlrd so‘m sof foyda olishga erishdi.
Kompaniya endilikda UzAuto Motors uchun muhim ehtiyot qismlarini yetkazib beradigan «Uzsungwoo»ning 50 foizini ham sotib olmoqda.
Bu bozorda UzAuto Motors ulushi yanada qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq «UzChasys»dagi davlat ulushi 333 mlrd so‘mga sotilgandi.





