
«Valday» haqidagi ayblov Rossiyaning navbatdagi uydirmasi — Ukraina TIV
Ukraina TIV Rossiyaning Putin qarorgohiga dronlar hujum haqidagi da’volariga hech qanday dalil yo‘qligini aytib, bu ayblovlar tinchlik jarayonini izdan chiqarishga qaratilganini bildirdi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiya tomonining Putinning Valdaydagi qarorgohiga dronlar bilan hujum qilingani haqidagi da’volarini qat’iy rad etdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva bu ayblovlarni tasdiqlaydigan birorta ham ishonchli dalil taqdim etmagan va taqdim eta olmaydi.
Sibiga o‘z bayonotida aytishicha, ayblovlar e’lon qilinganiga deyarli bir sutka o‘tgan bo‘lsa-da, Rossiya hanuzgacha hech qanday fakt yoki isbot keltirmagan. «Buning sababi oddiy — bunday hujum bo‘lmagan», dedi u.
Ukraina TIV rahbari, shu bilan birga, ayrim davlatlarning Rossiya bayonotlariga munosabat bildirganiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada ayrim mamlakatlarning go‘yoki «Valdayga hujum» bo‘yicha xavotir bildirgani tushunmovchilik va tashvish uyg‘otgan. Ayniqsa, Rossiya raketasi 2025 yil 7-sentabrda Ukraina hukumati binosiga haqiqiy zarba berganida, ushbu davlatlar rasmiy bayonot bermagani qayd etildi.
Sibiga Rossiyaning yolg‘on axborot tarqatishda uzoq yillik «tajriba»ga ega ekanini ta’kidlab, bu uning tashqi siyosiy uslubiga aylanganini bildirdi. U Rossiya 2022 yil boshida Ukrainaga hujum qilmasligini aytganini, keyin esa aksincha bo‘lganini eslatdi. Shuningdek, Moskva ko‘pincha o‘z rejalarini yashirish uchun boshqalarni ayblash usulidan foydalanishini aytdi.
Ukraina TIV rahbariga ko‘ra, asossiz va tekshirilmagan ayblovlarga munosabat bildirish Rossiya propagandasiga xizmat qiladi va Moskvaga yolg‘on hamda zo‘ravonlikni davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Shu sabab u barcha davlatlarni mas’uliyat bilan harakat qilishga va tasdiqlanmagan da’volarga munosabat bildirishdan tiyilishga chaqirdi.
Sibiga fikricha, bunday bayonotlar so‘nggi paytlarda ilgarilayotgan konstruktiv tinchlik jarayoniga putur yetkazadi va uni izdan chiqarish xavfini kuchaytiradi.




