Varrak uchirish uchun 37 million so‘m jarima yoki qamoq — «Uzbekistan Airports» aholini ogohlantirdi
Kompaniya aeroportlarga tutash hududlarda varrak uchirish parvozlar xavfsizligiga jiddiy tahdid solishidan ogohlantirdi.

«Uzbekistan Airports» kompaniyasi bahorgi mavsum boshlanishi bilan fuqarolarni aeroport hududlari yaqinida varrak uchirishdan tiyilishga chaqirmoqda. kompaniya xabariga ko‘ra, balandga ko‘tarilgan varraklar samolyotlarning uchish va qo‘nish yo‘nalishi (glissada) hududiga kirib qolishi mumkin.
«Varraklar balandga ko‘tarilishi va samolyotlarning uchish va qo‘nish yo‘llariga tushib qolishi mumkin. Bu samolyot bilan to‘qnashish, texnikaga shikast yetishi va favqulodda holatlar yuzaga kelishi xavfini tug‘diradi. Bundan tashqari, mustahkam yoki kuchaytirilgan iplar havo kemalari uskunalariga zarar yetkazishi yoki dvigatellarga tushib qolishi mumkin», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, «O‘zbekiston Havo kodeksining 17-moddasiga muvofiq, parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan faoliyat turlariga aeroport va uning oldidagi hududlarda varrak uchirish ham kiradi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 116−2-moddasiga ko‘ra, havo hududiga ruxsatsiz foydalanish BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
«Aviatsiya hodisasi yoki falokat yuz berganda esa oddiy sho‘xlik jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin», - deyiladi ogohlantirish xabarida.
Poytaxt aholisi va mehmonlari cheklovlarga rioya qilishga hamda hordiq chiqarish uchun aeroportdan uzoqroq bo‘lgan xavfsiz joylarni tanlashga chaqirildi.

