add

Vasiy yashash joyini o‘zgartirishi uchun bola roziligi talab etilishi mumkin

Kecha 19:4414472 daqiqa

Parlamentda bolalar huquqlarini kuchaytirish va ularning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Vasiy yashash joyini o‘zgartirishi uchun bola roziligi talab etilishi mumkin

17-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Hujjatda bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangi normalar nazarda tutilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, ta’lim tashkilotida bolani tarbiyalash va o‘qitish majburiyati yuklatilgan shaxs tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Bu norma ta’lim muhitida bolalar xavfsizligini ta’minlashni kuchaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, notariuslar bolani farzandlikka olish, vasiylik yoki homiylikka berish haqidagi arizalarda imzolarning haqiqiyligini tasdiqlagani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borishi majburiy qilib belgilanmoqda. Bu tartib bolalar taqdiri bilan bog‘liq qarorlarda shaffoflikni oshirishni ko‘zda tutadi.

Loyihada muhim yangilik sifatida, agar vasiy yoki homiy o‘z yashash joyini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, shu jumladan chet elga ko‘chib ketish holatida, vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati hamda vasiylikka olingan 10 yoshga to‘lgan bolaning roziligi talab etilishi belgilanmoqda. Bu bolaning fikrini inobatga olishni qonun darajasida mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga undirilayotgan aliment miqdorini kamaytirish bilan bog‘liq ishlarga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari vakilining majburiy ishtiroki joriy etilishi taklif etilgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari esa bolaning davolanishi va reabilitatsiyasi uchun qilingan qo‘shimcha xarajatlarni undirishda davlat bojidan ozod etiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ayrim moddalariga e’tirozlar bildirib, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritdilar. Qonun loyihasi qo‘shimcha ishlash uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Teglar

Mavzuga oid