add

Vazirlik «Elektron retsept» tizimi bo‘yicha izoh berdi

Kecha 17:384602 daqiqa

Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron retseptlar bosqichma-bosqich joriy etilayotganini bildirib, aholi xavotirlariga javob sifatida tizimning maqsadlari va kafolatlarini aniqlashtirdi.

Vazirlik «Elektron retsept» tizimi bo‘yicha izoh berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamiyatda faol muhokama etilayotgan elektron retseptlar tizimi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Vazirlikka ko‘ra, tizim joriy etilishining asosiy maqsadi — davolash xavfsizligini oshirish, bemorlar salomatligini himoya qilish va dori tayinlash jarayonini tartibga solishdir. Shu orqali shifokorlar mas’uliyati kuchaytirilishi, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisob yuritilishi hamda kontrafakt dori vositalari aylanmasi kamaytirilishi kutilmoqda.

Ayni paytda elektron retsept tizimi Toshkent shahri hamda belgilangan 15 ta tumanda sinov tariqasida amal qilmoqda. Respublika bo‘ylab to‘liq joriy etish 2026 yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu davr mobaynida natijalar tahlil qilinib, aniqlangan texnik va tashkiliy muammolar asosida mexanizmlar takomillashtiriladi.

Vazirlik favqulodda holatlar, bolalar, keksa shaxslar va surunkali kasallar zarur dori vositalarisiz qolmasligini alohida ta’kidladi. Ushbu toifadagi bemorlar doimiy nazoratda bo‘ladi.

Shuningdek, retseptsiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalari ro‘yxati shakllantirilib, vazirlik rasmiy resurslarida e’lon qilingan. Ro‘yxat xalqaro amaliyot va shifokorlar tavsiyalari asosida tuzilgan bo‘lib, amaliyotdagi natijalardan kelib chiqib yangilanishi mumkin.

Yangi tizimni joriy etish jarayonini nazorat qilish uchun vazir rahbarligida doimiy ishchi guruh tashkil etilgan. Guruh tarkibiga shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislari kirgan. Ular tizimning ishlash samaradorligini monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi, raqamli servislar barqarorligi hamda poliklinikalar yuklamasini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tuzatishlar kiritilishi belgilangan.

Toshkent va tajriba hududlaridagi dorixonalarda elektron retsept bo‘yicha yuzaga kelayotgan murojaatlar uchun @ssv_pilotbot telegram boti ishga tushirilgan. Barcha murojaatlar ustuvor tartibda qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.

Vazirlik tizim bo‘yicha jamoatchilikka muntazam axborot berib borishini ma’lum qildi. Asosiy vazifa sifatida davolash xavfsizligi va dori vositalarining uzluksiz mavjudligi o‘rtasida muvozanat ta’minlanishi, barcha qarorlar esa bemor manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz «Elektron retsept» tizimi, uning qanday ishlashi va tizimga o‘tishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar borasida maqola e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid