«Wolt» yetkazib berish xizmati O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatmoqda
Kompaniya barqaror biznes yuritishdagi qiyinchiliklari sabab joriy yil 5-martdan xizmatni to‘liq to‘xtatadi.

Finlandiyaning yetkazib berish servisi «Wolt» 2026 yil 5-martdan boshlab O‘zbekistondagi faoliyatini to‘liq yakunlaydi. Bu haqda kompaniya o‘z mobil ilovasi va rasmiy sayti orqali ma’lum qildi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, 5-martdan boshlab ilova yoki sayt orqali yangi buyurtmalar qabul qilinmaydi. 4-martga qadar esa servis odatdagi tartibda ishlaydi va foydalanuvchilar yetkazib berish xizmatiga murojaat qilishda davom etishi mumkin.
«Biz O‘zbekistonda xizmatimiz faoliyatini to‘liq to‘xtatish haqida qaror qabul qildik. Bu xabar siz uchun noxush yoki noqulay bo‘lishi mumkinligini tushunamiz. Kundalik hayotingizning bir qismi bo‘lish biz uchun muhim edi va «Wolt»ni tanlaganingiz uchun sizdan minnatdormiz», — deyiladi xabarda.
Kompaniya faoliyat to‘xtatilganidan keyin ham mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati ishlashini ma’lum qildi. U qaytarimlar, bonus va kreditlar, shuningdek avval rasmiylashtirilgan buyurtmalar bo‘yicha masalalarni hal qilishda davom etadi.
Qarorning asosiy sababi
Qaror bozor sharoitlari va barqaror biznes yuritish imkoniyatlari bilan bog‘liq qiyinchiliklar bilan izohlangan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, amaldagi biznes-model operatsion va iqtisodiy bosimlarga duch kelgan.
Shu munosabat bilan investitsiya siyosati qayta ko‘rib chiqilgan va uzoq muddatli barqaror o‘sish salohiyati yuqori bo‘lgan bozorlarga e’tibor qaratishga qaror qilingan.
Ma’lumot uchun, «Wolt» Finlandiya kompaniyasi hisoblanadi. U O‘zbekiston bozoriga 2024 yil sentabr oyida kirib kelgan edi.





