«Xalq banki» va «Navoiyazot» Milliy investitsiya jamg‘armasidan chiqarildi
2026 yilda jamg‘armaning 30 foizgacha qismi IPO’ga chiqishi reja qilinmoqda. Jamg‘arma tarkibidagi “SQB”ning ulushi 40 foizgacha oshirildi.

2026 yilda «O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi»ning 30 foizgacha qismi IPO’ga chiqariladi. Bu haqda 25-fevraldagi prezident qarorida ma’lum qilindi.
Milliy investitsiya jamg‘armasi prezidentning 2024 yildagi qarori bilan tashkil qilingan edi. 2025 yil yakuni bo‘yicha uning tarkibida 15 ta davlat ulushi mavjud kompaniya va bank bor edi. Bloomberg jamg‘armani qariyb 2 mlrd dollarga baholagandi.
Endilikda ro‘yxatda 12 ta davlat kompaniyasi va 1 ta davlat banki bo‘ladi. Jamg‘arma tarkibidan 30 foiz ulushga ega «Xalq banki» va 25 foiz ulushi mavjud bo‘lgan «Navoiyazot» chiqarildi.
2025 yil kuzida «Biznesni rivojlantirish banki» (25 foiz) va «Mikrokreditbank» (40 foiz) ulushlari ham Milliy investitsiya jamg‘armasidan chiqarilgan edi.
Bu ikki bank o‘rniga «Sanoatqurilishbank»ning 30 foizi o‘tkazilgan edi. Bu bankning jamg‘arma paketidagi ulushi 2026 yilda 10 foizga oshirilib, 40 foizga yetkazilgan.
Boshqa davlat banklari ulushi butunlay chiqarilib, «SQB»ning ulushi ko‘paytirilgani bankning investorlar uchun qay darajada jozibador ekani bilan bog‘liq.
«SQB» 2025 yilda «Milliy bank»dan atigi 39 mlrd so‘m kamroq foyda olib, 1,9 trln so‘m bilan O‘zbekistondagi ikkinchi eng ko‘p sof foyda olgan bankka aylangan edi.
Taqqoslash uchun, «SQB»ning o‘tgan yildagi foydasi «Xalq banki» (702,5 mlrd so‘m), «BRB» (503 mlrd so‘m) va «Mikrokreditbank» (160,8 mlrd so‘m) sof foydasini qo‘shib hisoblaganda ham 37,6 foizga ko‘proq.
IPO qay tarzda o‘tkaziladi?
Bloomberg xabariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO’sini Toshkent va Londonda dual listing ko‘rinishida ikki tomonlama amalga oshirmoqchi. Ammo bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.
IPO jarayoni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda jamg‘armaning ishonchli boshqaruvchisi — «Franklin Templeton Asset Management» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.





