
Xitoy 2030 yilgacha dunyodagi eng yirik atom energiyasi operatoriga aylanadi
Xitoyda noraqobat tarzda ishlab chiqilgan FirmSys tizimi hozirda 20 dan ortiq AESda qo‘llanilmoqda. U sun’iy aql bilan integratsiyalashgan.

Xitoyning Janubidagi Shenjen shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro atom energiyasi sanoati ko‘rgazmasida FirmSys nomli raqamli boshqaruv tizimining yangilangan talqini taqdim etildi.
Bu tizim Xitoy tomonidan mustaqil ishlab chiqilgan birinchi yadroviy toifadagi raqamli nazorat tizimi bo‘lib, mamlakatdagi 20 dan ziyod atom elektrostansiyalarida foydalanilmoqda.
Yangilangan FirmSys sun’iy intellekt, reaktor qismlarining raqamli egizaklari va virtual simulyatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu esa operatorlarga nosozliklarni barvaqt aniqlash, oldindan ogohlantirish va qaror qabul qilishda aqlli yordam berish imkonini yaratadi.
CGN raqamli texnologiyalar kompaniyasi prezidenti Sun Yunbin: «FirmSys to‘liq milliy ishlanma bo‘lib, «atom stansiyasining miyasi» deb qaralmoqda. Uning barcha apparat va dasturiy ta’minoti — chiplar, operatsion tizimlar va aloqa dasturlari Xitoyda ishlab chiqilgan», — deya ta’kidladi.
Shenjendagi atom energiyasiga bag‘ishlangan xalqaro forumda dunyoning turli mamlakatlaridan mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ular sun’iy aql yordamida energiya operatsiyalarini optimallashtirish, ilg‘or yadroviy texnologiyalar va global hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqda.
Hozirda Xitoyda 58 ta yadroviy reaktor faoliyat yuritmoqda, yana 44 tasi qurilish jarayonida. Bu bilan mamlakat 2030 yilga borib 113 GW yadroviy quvvatga ega bo‘lib, dunyodagi eng yirik atom energiyasi operatoriga aylanishi kutilmoqda. 2024 yilda Xitoyning atom energiyasi ishlab chiqarish hajmi 450 mlrd kWh bo‘lib, 140 mln tonna standart ko‘mir iste’moli va 370 mln tonna SO₂ chiqindisini qisqartirishga imkon berdi.





