
Xitoy dengiz ostida ulkan oltin koni topdi
Xitoyning sharqiy sohillarida aniqlangan dengiz osti oltin koni mamlakatning strategik resurs xavfsizligi va global oltin bozoridagi mavqeini sezilarli mustahkamlashi kutilmoqda.

Xitoy sharqiy sohillari yaqinida Osiyodagi eng yirik dengiz osti oltin konlaridan biri aniqlanganini rasman e’lon qildi. «South China Morning Post» nashri manbalariga ko‘ra, mazkur kon Shandong provinsiyasi hududida, Jiaodong yarimorolining dengiz qismida joylashgan. U ilk bor Xitoy tarixida aniqlangan dengiz osti oltin koni sifatida qayd etilmoqda.
Konning aniq hajmi ochiqlanmagan bo‘lsa-da, rasmiy ma’lumotlarda uni Osiyodagi eng yirik dengiz osti oltin zaxirasi sifatida baholash mumkinligi ta’kidlanmoqda. Yangi topilma Shanong provinsiyasining umumiy oltin zaxiralarini 3900 tonnadan oshirgan. Bu esa Xitoyning ma’lum oltin zaxiralarining taxminan 26 foiziga to‘g‘ri keladi.
Shu orqali Shandong nafaqat Xitoyda, balki butun Osiyodagi eng muhim oltin markazlaridan biriga aylandi. Mutaxassislar fikricha, bu kashfiyot mamlakatning uzoq muddatli qimmatbaho metallar strategiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda Xitoy mineral qidiruv ishlariga katta moliyaviy resurslar yo‘naltirmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yildan buyon qidiruv va razvedka ishlariga taxminan 450 mlrd yuan sarflangan. Ushbu siyosat orqali tabiiy resurslar bazasini kengaytirish va importga bo‘lgan qaramlikni qisqartirish maqsad qilingan.
Dengiz ostidagi yangi oltin koni so‘nggi yillarda aniqlangan yirik topilmalar zanjirining davomi sifatida baholanmoqda. Ilgariroq Xitoyning shimoli-sharqida 1400 tonnadan ortiq oltin zaxirasiga ega quruqlik koni topilgan edi. U 1949 yildan beri mamlakatda aniqlangan eng yirik yagona oltin topilmasi sifatida tarixga kirgan.
Mutaxassislar dengiz osti konlarini iqtisodiy jihatdan o‘zlashtirish darajasi hali aniq emasligini ta’kidlamoqda. Biroq oltinga bo‘lgan global talab va narxlar oshib borayotgan sharoitda ushbu kashfiyot Xitoyning iqtisodiy salohiyati va strategik resurs xavfsizligi uchun muhim burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda. Xitoy hukumati esa ushbu topilmani mamlakat mineral siyosatining «muhim bosqichi» deb atamoqda.
Avvalroq Saudiya Arabistonida Maaden kompaniyasi Makkadan shimoli-sharq tomonda mamlakat tarixidagi eng katta oltin konlaridan birini kashf etganini haqida xabar bergan





