add

Xitoy «Katta energetik devor» qurilishini boshladi

Bugun 10:262 daqiqa

Xitoy shimolidagi Kubutsi cho‘lida dunyodagi eng yirik quyosh loyihalaridan biri — 100 GW quvvatli «Katta energetik devor» qurilishi boshlandi.

Xitoy «Katta energetik devor» qurilishini boshladi

Xitoy dunyo energetika tarixida yangi sahifa ochmoqda. Mamlakat hukumati Kubutsi cho‘lida «Katta energetik devor» deb nomlangan ulkan quyosh energetika majmuasini qurishning faol bosqichiga o‘tdi. Loyiha doirasida 8 milliondan ortiq quyosh panellari o‘rnatiladi va u 100 GW quvvatga ega bo‘lishi rejalashtirilgan, deb yozmoqda «Energies media» nashri.

Bu tashabbus Xitoyning qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha mutlaq ustunlikka erishish strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, 1983 yilda mamlakatdagi ilk quyosh stansiyasi bor-yo‘g‘i 10 kW quvvatga ega edi. Bugun esa Xitoy global miqyosda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.

«Global Energy Monitor» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Xitoy 278 GW yangi quyosh quvvatlarini ishga tushirgan. 2025 yilning dastlabki besh oyida esa qariyb 200 GW qo‘shimcha quvvat foydalanishga topshirildi. Natijada, 2025 yil o‘rtalariga kelib mamlakatdagi umumiy quyosh energetikasi quvvati 1 TW (teravatt)dan oshdi.

Cho‘llashishni to‘xtatuvchi loyiha

Yangi «energetik devor» Kubutsi cho‘lida joylashadi. Loyiha uzunligi taxminan 133 km, eni esa 25 kmgacha bo‘ladi. Mutaxassislarning fikricha, ishlab chiqariladigan elektr energiyasi nafaqat mahalliy ehtiyojni, balki Pekin–Tianjin–Hebey aglomeratsiyasini ham to‘liq ta’minlash imkonini beradi. Buning uchun yangi elektr uzatish liniyasi ham quriladi.

Loyiha faqat energiya ishlab chiqarish bilan cheklanmaydi. Quyosh panellari suv parlanishi va qum ko‘chishini ham sekinlashtirib, 27 mln gektar yerda namlik saqlanishiga xizmat qiladi. Ayrim hududlarda panellar ostida 2400 gektar qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish rejalashtirilgan.

Mahalliy hokimiyat vakillari ma’lum qilishicha, 2030 yilgacha loyiha 50 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratadi va hozirgacha qum bosimida qolgan hududni yirik energetik markazga aylantiradi.

Teglar

Mavzuga oid