Xitoy kompaniyalari Tojikistonga 8 mlrd dollardan ortiq, OIIB esa 800 mln dollar sarmoya kiritmoqchi

Bugun 15:044 daqiqa

Tegishli hujjatlar Imomali Rahmonning Xitoyga davlat tashrifi davomida imzolandi.

Xitoy kompaniyalari Tojikistonga 8 mlrd dollardan ortiq, OIIB esa 800 mln dollar sarmoya kiritmoqchi © Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali rahmon Pekinda Osiyo infratuzilma investitsiya banki (OIIB) prezidenti Zou Jiayi bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar uzoq muddatli investitsiya rejasini imzoladi. Unga ko‘ra, bank loyihalarni amalga oshirish uchun 800 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirishni rejalashtirmoqda, deb yozdi «Asia plus».

Uchrashuvda Tojikiston va Osiyo infratuzilma investitsiya banki o‘rtasidagi amaldagi hamkorlik hamda sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Rahmon bankning mamlakatdagi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishdagi hissasini yuqori baholab, Tojikistonning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun rahbariyatga minnatdorlik bildirdi. Tomonlar energetika, transport va yo‘l qurilishi, suv ta’minoti, raqamli va «yashil» texnologiyalar, shuningdek qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi.

Tojikiston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, hozir mamlakatda Osiyo infratuzilma investitsiya banki ishtirokida bir qator yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularni moliyalashtirishning umumiy hajmi 400 million dollarni tashkil etadi.

Osiyo infratuzilma investitsiya banki – infratuzilma loyihalari va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi.

Tojikistondagi Xitoy sarmoyalari

Shu kuni Imomali Rahmon xitoylik kompaniyalar rahbarlari va vakillari bilan ham uchrashdi. Unda u mamlakatning investitsiya imkoniyatlarini taqdim etib, Xitoy biznesini Tojikistondagi loyihalarda faolroq ishtirok etishga chaqirdi.

Tojikiston va Xitoy kompaniyalari o‘rtasidagi uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha 50 dan ortiq hamkorlik hujjatlari imzolandi. Ular Tojikistonga 8 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilishga qaratilgan.

Kelishuvlarning bir qismi Tojik-xitoy raqamli biznes aloqasi forumi doirasida kelishib olingan. Ikki mamlakat biznes doiralari oldidagi nutqida Imomali Rahmon mamlakatdagi qulay iqtisodiy muhit, investorlar huquqlarini himoya qilish choralari hamda Tojikiston va Xitoy ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi savdo-investitsiya hamkorligi istiqbollari haqida gapirdi. U Xitoyni Tojikistonning ishonchli va asosiy hamkori deb atadi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, Xitoy investitsiyalarining Tojikiston iqtisodiyotiga umumiy hajmi qariyb 6 milliard dollarga yetgan. Shundan taxminan 3,5 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, o‘tgan yili mamlakat iqtisodiyotiga qariyb 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lib, uning 900 million dollari yoki 12,5 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Imomali Rahmon, shuningdek, hozir Tojikistonda umumiy qiymati taxminan 13 milliard dollar bo‘lgan 300 dan ortiq davlat investitsiya loyihasi amalga oshirilayotganini aytdi.

Ularning ko‘pchiligida xitoylik kompaniyalar pudratchi sifatida ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Imkoniyatlar va sharoitlar

Imomali Rahmon investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan iqtisodiy va tarkibiy islohotlarga alohida to‘xtaldi. Jumladan, u o‘tgan yili Tojikistonda «Investitsiyalar va investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinganini eslatdi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, hujjat investorlarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlari, kapitalni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha huquqiy kafolatlar, ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Imomali Rahmon Tojikistonning afzalliklari sifatida mamlakatning qulay geografik joylashuvi, transport va energetika loyihalarining amalga oshirilayotgani, shuningdek, Xitoy va Janubiy Osiyo davlatlarini Yaqin Sharq bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan yangi transport yo‘laklari shakllanayotganini qayd etdi.
Davlat rahbari Tojikiston katta gidroenergetik salohiyatga ega ekanini va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda sakkizinchi o‘rinni egallashini ham ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatda oltin, kumush, mis, litiy, surma, rux va volfram kabi foydali qazilmalar zaxiralari aniqlangani aytildi.

Xitoy kompaniyalariga sanoat, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, metallurgiya, kimyo va farmatsevtika sanoati, yengil sanoat, agrosanoat majmuasi, logistika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, «yashil» iqtisodiyot va turizm sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari taqdim etildi.

Prezident qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keyinchalik eksport qilish uchun logistika markazlari va qayta ishlash korxonalarini tashkil etish zarurligini ham qayd etdi. Shuningdek, mamlakatdagi beshta erkin iqtisodiy zonaning imkoniyatlari alohida tanishtirildi.

Prezident nutqidan so‘ng uchrashuvda Xitoy savdo vaziri Vang Ventao, Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi raisi Ren Hongbin hamda yirik xitoy kompaniyalari vakillari so‘zga chiqdi. Imomali Rahmon 11-maydan buyon Xitoyda to‘rt kunlik davlat tashrifi bilan bo‘lib turibdi.

Teglar

Mavzuga oid

Xitoy kompaniyalari Tojikistonga 8 mlrd dollardan ortiq, OIIB esa 800 mln dollar sarmoya kiritmoqchi | Vaqt.uz