add

Xitoy NQIZlari Rossiya neftining qariyb yarmiga boykot e’lon qildi

Bugun 08:382032

Xitoyning yirik neft kompaniyalari — Sinopec va PetroChina Donald Tramp ma’muriyati joriy etgan sanksiyalar ortidan Rossiya neft importini qisqartirdi. Boykot Moskva eksportining qariyb 45 foizini qamrab oldi.

Xitoy NQIZlari Rossiya neftining qariyb yarmiga boykot e’lon qildi

Bloomberg agentligining yozishicha, Xitoydagi neftni qayta ishlash bo‘yicha yetakchi zavodlar — Sinopec va PetroChina AQSH prezidenti Donald Tramp hukumatining yangi sanksiyalaridan so‘ng Rossiya neft importini qisqartirishni boshladi. Sanksiyalar doirasida «Rosneft» va «Lukoyl» kabi Rossiyaning ikki eng yirik neft kompaniyasi qamrab olingan.

Treyderlar ma’lumotiga ko‘ra, davlat NQIZlari bir nechta kelishuvlarni bekor qilgan va hozircha yangi xaridlardan voz kechgan. Shuningdek, ayrim xususiy zavodlar ham ehtiyot chorasi sifatida Rossiya neftidan voz kechmoqda. Ular orasida Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining «qora ro‘yxati»ga kiritilgan Shandong Yulong Petrochemical ham bor.

Tahlilchi kompaniya Rystad Energy baholashicha, bu «xaridorlar boykoti» Xitoyga eksport qilinayotgan Rossiya neft hajmining 45 foizini tashkil etadi. Ayniqsa, Rossiyaning Sharqiy Sibir–Oxotsk porti orqali eksport qilinadigan ESPO markasi jiddiy zarbaga uchradi — uning bahosi Brent neftga nisbatan barreliga 0,5 dollar chegirma bilan taklif qilinmoqda, holbuki oktyabr boshlarida sotuvchilar 1 dollar mukofot talab qilayotgan edi.

Amerika sanksiyalari nafaqat Xitoy, balki Hindiston va Turkiya bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Hindistondagi Mangalore Refinery and Petrochemicals, HPCL-Mittal Energy va Reliance Industries kabi yirik NQIZlar vaqtincha Rossiya neft xaridini to‘xtatdi. Biroq Indian Oil sanksiyalarga tushmagan Rossiya kompaniyalaridan Urals markasini xarid qilishni qisqa tanaffusdan so‘ng qayta boshladi.

Turkiyada ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda — mamlakatning eng yirik NQIZi STAR Refinery Rossiya neft o‘rniga Iroq va Qozog‘istondan xom ashyo olishni boshladi. Tupraş esa Yevropaga eksportni saqlab qolish uchun o‘z zavodlaridan birida Rossiya neftni to‘liq rad etdi.

Hozirgi paytda Rossiya neft eksportining asosiy qismini Xitoy, Hindiston va Turkiya tashkil etadi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy har kuni 1–1,5 mln barrel, Hindiston 1,2–1,8 mln barrel, Turkiya esa 300 ming barrel atrofida xarid qilmoqda. To‘rtinchi yirik xaridor sifatida Suriya qayd etilgan bo‘lib, unga yetkazib berilayotgan hajm juda kichik — bor-yo‘g‘i 35 ming barrel.

Teglar

Mavzuga oid

Xitoy NQIZlari Rossiya neftining qariyb yarmiga boykot e’lon qildi | Vaqt.uz