Xitoy sabab AQSHda tanqislik kuchaymoqda

26.02.2026 | 13:154 daqiqa

Mudofaa texnologiyalari, aerokosmik soha va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda juda muhim o‘rin tutadigan noyob yer elementlari Xitoydan yetkazib berilmayotgani tufayli AQSHdagi ayrim kompaniyalar o‘z ishini to‘xtatgan.

Xitoy sabab AQSHda tanqislik kuchaymoqda

AQSHning aerokosmik va yarimo‘tkazgich kompaniyalari yetkazib beruvchilari noyob yer elementlari tanqisligi kuchayib borayotganini aytmoqda. Ikki kompaniya ayrim mijozlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan. Bu holat AQSH prezidenti Donald Trampning Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan sammit o‘tkazishi kutilganidan bir necha hafta oldin yuz bermoqda, deb yozdi «Reuters».

Tanqislik asosan ittriy va skandiy kabi noyob yer elementlariga taalluqli bo‘lib, ular 17 ta elementdan iborat ushbu guruhning nisbatan kam qo‘llaniladigan vakillaridir. Ushbu elementlar mudofaa texnologiyalari, aerokosmik soha va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda kichik, ammo juda muhim o‘rin tutadi va deyarli to‘liq Xitoyda ishlab chiqariladi.

2025 yil aprel oyida cheklovlar joriy etilganidan keyin Pekin ko‘plab noyob yer elementlari eksportini qayta tiklashga ruxsat bergan bo‘lsa-da, Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, bu materiallar hali ham kamdan-kam hollarda AQSHga yetib bormoqda. Oktyabr oyida Vashington bilan munosabatlar yumshaganiga qaramay, yetkazib berishdagi muammolar saqlanib qolmoqda.

Savdo keskinligini yumshatish masalasi, ya’ni Xitoyning strategik ahamiyatga ega minerallar eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni vaqtincha to‘xtatishiga asoslangan kelishuv mart oyida Pekinda bo‘lib o‘tadigan Tramp va Si uchrashuvida muhokama qilinadi.

Asosiy og‘riqli nuqtalardan biri yuqori haroratda dvigatellar va turbinalar erib ketmasligini ta’minlovchi qoplamalarda qo‘llaniladigan ittriydir. Bunday qoplamalar muntazam qo‘llanilmasa, dvigatellardan foydalanib bo‘lmaydi.

Noyabr oyida ittriy tanqisligi haqida ilk bor xabar berganidan beri, uning narxi 60 foizga oshdi va hozir bir yil avvalgiga nisbatan taxminan 69 barobar yuqori. Kompaniya rahbarlari va treyderlarning aytishicha, ayrim qoplama ishlab chiqaruvchilar endi materialni me’yorlashni boshlagan.

1

Ittriy asosida qoplamalar ishlab chiqaruvchi Shimoliy Amerikaning ikki kompaniyasi rahbarlari tanqislik sabab ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganini bildirgan. Ularning biri zaxirani yirik mijozlar, jumladan ayrim dvigatel ishlab chiqaruvchilar uchun saqlab qolish maqsadida kichik va xorijiy mijozlardan buyurtmalarni qabul qilmayapti.

«Qoplamalar ta’minot zanjiridagi yana bir kompaniya yaqinda material zaxirasi tugagani sabab ittriy oksidi mavjud bo‘lgan mahsulotlarni sotishni to‘xtatgan», – deb yozdi «Reuters» masaladan xabardor manbasiga tayanib.

Hozircha ittriy va skandiy tanqisligi reaktiv dvigatellar yoki chiplar ishlab chiqarishiga ta’sir ko‘rsatmagan. Biroq AQSH hukumati amaldorlaridan birining aytishicha, ayrim amerikalik ishlab chiqaruvchilar Xitoydan keladigan ayrim noyob yer elementlari bo‘yicha «tanqislik»ka duch kelmoqda.

Xitoy o‘tgan aprel oyida cheklovlar joriy etilganidan keyingi sakkiz oy davomida AQSHga 17 tonna ittriy mahsulotlarini eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich cheklovlardan oldingi sakkiz oyda 333 tonnani tashkil etgan edi.

2

Oq uy rasmiysi Tramp ma’muriyati AQSHdagi barcha biznes subyektlari uchun strategik ahamiyatga ega minerallardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga qat’iy sodiqligini bildirdi.

«Bunga Xitoy bilan muzokaralar olib borish va prezident Tramp bilan prezident Si o‘rtasidagi kelishuv ijrosini nazorat qilish, shuningdek, zarur hollarda muqobil ta’minot zanjirlarini rivojlantirish ham kiradi», – dedi rasmiy.

Ishlab chiqarishga bosim

Aerokosmik ta’minot zanjiri bo‘yicha mutaxassis Kevin Mayklsning aytishicha, ittriy ta’minoti kamayishi hozircha dvigatel ishlab chiqarishiga ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchilar xavotirda.

«Bu kuzatuvda turgan masala va Xitoy noyob yer elementlari bo‘yicha o‘z qudratini qanday ishga solayotganining yaqqol misolidir», – dedi AQSHdagi «AeroDynamic Advisory» konsalting kompaniyasining boshqaruvchi direktori Maykls.

Dvigatel ishlab chiqaruvchilar allaqachon aviakompaniyalar uchun ehtiyot qismlarga bo‘lgan talabni qondirish va samolyot ishlab chiqaruvchi «Boeing» hamda «Airbus» tomonidan ishlab chiqarish hajmini oshirish fonida qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Skandiy tanqisligi

«Ittriydan tashqari, AQSH yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilari skandiy zaxirasi kamayib borayotganini sezmoqda. Bu esa yangi avlod 5G chiplari ishlab chiqarilishiga xavf tug‘dirmoqda», deydi «SemiAnalysis» tadqiqot kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Dilan Patel.

Yillik jahon ishlab chiqarishi atigi o‘nlab tonna bilan cheklanadigan skandiy yoqilg‘i elementlari, maxsus alyuminiy aerokosmik qotishmalari, shuningdek ilg‘or chip ishlov berish va qadoqlash jarayonlarida kichik, ammo muhim rol o‘ynaydi.

Patelning aytishicha, AQSHning yirik yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilari deyarli har bir 5G smartfon va baza stansiyasiga o‘rnatiladigan chip komponentlarini tayyorlashda skandiyga tayanadi.

«So‘nggi oylarda AQSH chip ishlab chiqaruvchilari Xitoydan yangi skandiy eksport litsenziyalarini olishda kechikishlarga duch kelgan va bu borada Vashingtonga murojaat qilgan», – degan ikki soha manbasi.

Yana bir AQSH rasmiysining aytishicha, ko‘plab kompaniyalar skandiyni uchinchi davlatlar orqali olgan, biroq Xitoy litsenziya uchun ariza beruvchilardan yakuniy foydalanuvchilarni ko‘rsatishni talab qiladi.

«Bizning taxminimizcha, aynan yarimo‘tkazgich sanoati nishonga olingan», – dedi AQSH rasmiysi.

Patel esa hozirda AQSHda skandiyning ichki ishlab chiqarilishi mutlaqo yo‘qligi va Xitoydan tashqari ishlab turgan muqobil manbalar mavjud emasligini aytadi. U zaxiralar yillar emas, balki oylar bilan o‘lchanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Teglar

Mavzuga oid