Logo

«Xitoydan qo‘rqish emas, uning imkoniyatlaridan foydalanish kerak» — ekspert

Bugun 11:572 daqiqa

Xitoyshunos olim Azizbek Nigmanov Xitoyning O‘zbekistondagi iqtisodiy ishtirokiga xavf sifatida emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyati sifatida qarash kerakligini bildirdi.

«Xitoydan qo‘rqish emas, uning imkoniyatlaridan foydalanish kerak» — ekspert © Depositphotos / Ryzhov

«Qurultoy» podkastining navbatdagi sonida Xitoyning iqtisodiy rivojlanishi, Markaziy Osiyo bilan munosabatlari va mintaqadagi manfaatlari muhokama qilindi. Suhbat davomida Xalqaro Nordik universiteti dotsenti, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Azizbek Nigmanov Xitoyning iqtisodiy faolligiga nisbatan bildirilayotgan xavotirlar haqida ham fikr yuritdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Xitoy bilan munosabatlarda faqat bir tomonning manfaatlarini ko‘rish to‘g‘ri emas. Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikdan iqtisodiy foyda olishni ko‘zlasa, O‘zbekiston ham ushbu aloqalardan o‘z taraqqiyoti uchun foydalanishi mumkin.

«Xitoydan qo‘rqish kerak emas. Yana qaytaraman, Xitoydan foydalanish kerak. Xitoy bizdan foydalanyaptimi? Biz ham undan foydalanishimiz kerak», — dedi olim.

Nigmanovning fikricha, Xitoyning Markaziy Osiyoga qiziqishi tarixiy ildizlarga ega. Qadimda Buyuk ipak yo‘li orqali shakllangan savdo-iqtisodiy aloqalar bugungi kunda investitsiyalar, infratuzilma va transport loyihalari orqali davom etmoqda.

U Xitoyning mintaqaga kapital bilan kirib kelayotganiga e’tibor qaratib, bunday hamkorlikni faqat bir tomonlama manfaat sifatida baholamaslik kerakligini ta’kidladi. «Biz faqat bir tarafni ko‘rmaylik-da», — dedi mutaxassis.

Suhbatda Xitoyning iqtisodiy taraqqiyotiga ham to‘xtalib o‘tildi. Olim 1978 yildan boshlangan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va ta’limga e’tibor qaratish mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutganini qayd etdi.

Uning tushuntirishicha, Xitoy dastlab boshqa davlatlarning mahsulotlari va texnologiyalarini o‘rganib, keyinchalik ularni mustaqil ishlab chiqarish va jahon bozoriga olib chiqishga e’tibor qaratgan.

Mutaxassis Xitoy tajribasidan foydalanishda hamkorlikning iqtisodiy natijalariga e’tibor berish zarurligini bildirdi. Uning fikricha, O‘zbekiston Xitoy bilan aloqalarni rivojlantirish orqali kapital, texnologiya va yangi transport imkoniyatlaridan manfaat olishi mumkin.

Nigmanov Xitoy bilan munosabatlarda qo‘rquvdan ko‘ra amaliy manfaatlarga tayanish kerakligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid