add

Xizmatlar bozori 15 foizga oshib, 82 milliard dollarga yetdi — Prezident

Bugun 12:47522 daqiqa

2026-yilda xizmatlar sohasiga 85 trillion so‘m kredit va 9 trillion so‘m subsidiya yo‘naltiriladi.

Xizmatlar bozori 15 foizga oshib, 82 milliard dollarga yetdi — Prezident

Joriy yilning o‘zida O‘zbekistonda xizmatlar sohasi sezilarli sur’atda o‘sdi. Yil yakunida xizmatlar hajmi qariyb 15 foizga oshib, 82 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich aholi daromadlari o‘sishi, ichki talabning faollashuvi hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar samarasi sifatida baholanmoqda.

Xizmatlarga bo‘lgan talabni yanada rag‘batlantirish maqsadida 2026 yilda sohani qo‘llab-quvvatlash uchun katta moliyaviy resurslar ajratiladi. Jumladan, xizmatlar sohasiga 85 trillion so‘m kredit va 9 trillion so‘m subsidiya yo‘naltiriladi. Ayniqsa, ta’lim xizmatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu yo‘nalish uchun davlat byudjeti hisobidan 7 trillion so‘m ajratilishi belgilangan.

Turizm sohasida ham uzoq muddatli aniq maqsadlar qo‘yilgan. Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini ikki karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlarga erishish uchun, avvalo, turizm infratuzilmasini kompleks rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Xususan, Samarqand shahrida Bibixonim masjidi, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda va Afrosiyob muzeyini o‘zaro bog‘laydigan zamonaviy yo‘lak va ko‘priklar barpo etiladi. Bu sayyohlar uchun yagona madaniy-marshrut yaratish imkonini beradi.

Shahrisabz shahrida G‘elon yirik turistik majmuasining birinchi bosqichi ishga tushiriladi. Pop tumanida esa Arashan tog‘ dam olish turistik zonasi tashkil etiladi.

Shuningdek, Xivadagi Ichanqal’a tarixiy majmuasi zamonaviy texnologiyalar asosida «jonli» va «aqlli» muzey-shaharga aylantiriladi. Bundan tashqari, Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududlaridagi arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yirik turizm halqasini shakllantirish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid