Xomanaiy ehtimoliy suiqasd ssenariylariga tayyorlanmoqda — NYT

23.02.2026 | 07:552 daqiqa

Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy mamlakat rahbariyatiga qarshi suiqasd ehtimoli sharoitida harakat rejasini ishlab chiqishni topshirgan, deya xabar qilmoqda «The New York Times» nashri.

Xomanaiy ehtimoliy suiqasd ssenariylariga tayyorlanmoqda — NYT

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy ehtimoliy suiqasdlar yoki tashqi zarbalar sharoitida davlat boshqaruvi uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha reja tayyorlashni buyurgan. Bu haqda «The New York Times» olti nafar yuqori lavozimli eronlik amaldor va Islom inqilobi muhofizlari korpusi — IIMK a’zolariga tayanib xabar bermoqda.

Nashr manbalariga ko‘ra, topshiriq Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy va boshqa siyosiy hamda harbiy shaxslarga berilgan.

Topshiriq mamlakat nafaqat AQSH yoki Isroil ehtimoliy zarbalariga, balki oliy rahbariyatga qarshi har qanday suiqasd urinishlariga tayyor bo‘lishini nazarda tutadi. Hujjatlar mazmuniga ko‘ra, respublika oliy rahbarning o‘ziga nisbatan ham tahdidlar ssenariysini inobatga olgan.

 

Vorislik tizimi

Manbalarning aytishicha, Xomanaiy har bir harbiy va siyosiy lavozim bo‘yicha to‘rt bosqichli vorislik tizimini belgilagan. Bu lavozimlar odatda uning shaxsiy tayinlovi orqali shakllanadi. Barcha yuqori darajadagi rahbarlarga ehtimoliy to‘rt nafar voris nomzodini ko‘rsatish topshirilgan.

Shuningdek, tor doiradagi ishonchli shaxslarga favqulodda holatlarda qaror qabul qilish vakolati berilgan. Bu mexanizm oliy rahbar halok bo‘lgan yoki u bilan aloqa uzilgan taqdirda boshqaruv tizimi izdan chiqmasligini ta’minlashga qaratilgan.

 

Tashqi bosim fonida

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur choralar mintaqadagi tashqi bosim va harbiy keskinlik ortishi fonida ko‘rilmoqda. AQSH va Isroil bilan munosabatlar taranglashgan sharoitda Tehron ichki barqarorlik va boshqaruv uzluksizligini ustuvor vazifa sifatida belgilamoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Xomanaiy ehtimoliy suiqasd ssenariylariga tayyorlanmoqda — NYT | Vaqt.uz