add

Xorijga ishga yuborish xizmatlarini reklama qilgan konsalting firmalar jazolandi

Kecha 15:352101 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlari natijasida litsenziya talablariga rioya etmagan holda xorijga ishga yuborish xizmatlarini reklama qilgan ayrim konsalting kompaniyalariga nisbatan jarimalar qo‘llanildi.

Xorijga ishga yuborish xizmatlarini reklama qilgan konsalting firmalar jazolandi

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, so‘nggi oylarda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklamalar amaldagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan doimiy tahlil ishlari olib borilmoqda. Ushbu o‘rganishlar davomida ayrim sub’ektlar tomonidan qonun talablari buzilayotgani aniqlangan.

Xususan, tekshiruv natijasida «Crystalvisa Consulting» MCHJ, «Humo Group Central» MCHJ hamda «Compony B2B» MCHJlar ijtimoiy tarmoqlar orqali tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda xorijga ishga yuborish xizmatlarini reklama qilgani ma’lum bo‘ldi. Amaldagi tartibga ko‘ra, bunday faoliyat turi litsenziya asosida amalga oshirilishi shart.

Aniqlangan holatlar asosida Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi tomonidan ushbu korxonalarning harakatlarida qonunbuzilish alomatlari mavjud, deb topildi. Natijada, belgilangan tartibda ularga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mazkur kompaniyalarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot uchun, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi uchun tegishli litsenziya, sertifikat yoki maxsus ruxsatnoma talab etiladigan tovarlar va xizmatlarni bunday hujjatlar mavjud bo‘lmagan holda reklama qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid