
Xorijliklar o‘zbek so‘mini yoqib, olovida sigaret tutatdi
Ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklar tomonidan O‘zbekiston milliy valyutasi yoqilib, olovida tamaki tutatilgan video tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda uch nafar xorijlik fuqarolar 2000 so‘mlik banknotani olovga tutib, uning olovida tamaki tutatgan videosi tarqaldi. Videodagi o‘zaro suhbat va tashqi belgilarga ko‘ra, ularning xitoylik ekani taxmin qilinmoqda. Video «WeChat» ijtimoiy tarmog‘ida «Kichik Se» nomi bilan yuritiladigan akkaunt orqali joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, videoda aks etgan shaxslar Toshkent viloyatida joylashgan korxonalardan birida ishlayotgan xitoylik ishchilar hisoblanadi. Ular O‘zbekiston milliy valyutasi bo‘lgan 2000 so‘mlik kupyurani yoqib, uning olovidan foydalangan.
Ushbu harakat O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, Jinoyat kodeksining 215-moddasida davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish jinoyat sifatida belgilangan. Mazkur moddaga ko‘ra, davlat bayrog‘i, davlat gerbi yoki davlat madhiyasiga nisbatan hurmatsizlik qilgani uchun BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘zbekiston milliy valyutasida davlat gerbi tasviri mavjud bo‘lib, uni qasddan yo‘q qilish yoki haqorat qilish davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholanishi mumkin. Hozircha vakolatli organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berilmagan.





