Xususiy bog‘cha va maktab to‘lovidan daromad solig‘ini qanday qaytarib olish mumkin? Qo‘llanma
O‘zbekistonda farzandini nodavlat bog‘cha va maktablarda o‘qitayotgan ota-onalar har bir bola qilgan xarajatlaridan daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkin. Vaqt.uz navbatdagi maqolada ushbu imtiyoz shartlari va pulni bank kartasiga qaytarib olish tartiblarini tushuntiradi.

Mamlakatda xususiy muassasalarda ta’lim olish pullik bo‘lsa-da, amaldagi qonunchilikda ota-onalar va farzandlikka oluvchilar uchun ba’zi soliq imtiyozlari belgilangan. Ushbu imtiyozdan to‘g‘ri foydalanish orqali yil yakunida davlatga to‘langan ortiqcha daromad solig‘i my.soliq.uz portali orqali qaytariladi.
Imtiyoz kimlarga beriladi?
Soliq qonunchiligiga ko‘ra, xususiy ta’lim hamda bolalar parvarishi uchun to‘lov qiluvchi fuqarolarning daromadlaridan soliq ushlanmaydi yoki to‘langan soliq qaytarib beriladi.
Imtiyoz farzandini xususiy bog‘cha yoki maktabga berayotgan ota-onalarga beriladi. Shuningdek, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolalar uchun xususiy bog‘cha va maktablarda kunduzgi parvarish xizmatiga haq to‘layotgan ota-onalar ham undan foydalanishi mumkin.
Bunda imtiyozlar har bir farzand uchun oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar doirasida amal qiladi. Ya’ni, bir bola uchun bir oyda 3 mln so‘mgacha (yiliga 36 mln so‘mgacha) bo‘lgan ta’lim hamda parvarish xarajatlari daromad solig‘iga tortilmaydi.
Masalan, ota-onaning ish haqi 10 mln so‘m bo‘lib, u har oy farzandining xususiy bog‘chasi yoki maktabi uchun 3 mln so‘m to‘laydi. Imtiyoz qo‘llanmasa, 10 mln so‘mning barchasidan 12 foiz daromad solig‘i, ya’ni 1 mln 200 ming so‘m ushlab qolinadi.
Imtiyozdan foydalanilganda esa 3 mln so‘m soliq solinadigan daromaddan chegiriladi. Natijada soliq 7 mln so‘mdan hisoblanib, 840 ming so‘mni tashkil etadi.
Shunday qilib, ota-ona oyiga 360 ming so‘m, yiliga esa 4 mln 320 ming so‘m daromad solig‘ini tejashi mumkin.
Imtiyozdan foydalanish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Ortiqcha to‘langan daromad solig‘ini qaytarib olish uchun Soliq qo‘mitasining my.soliq.uz saytida onlayn ariza beriladi. Buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
● farzandning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi (yoki farzandlikka olinganini tasdiqlovchi hujjat) ma’lumotlari;
● nodavlat ta’lim tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
● kvitansiya va cheklar;
● kunduzgi parvarish bo‘yicha hujjatlar (agar imtiyoz 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolalarning parvarish xizmatlari uchun so‘ralayotgan bo‘lsa, bolaning nogironligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lutnoma).
Yeslatma, kiritilgan barcha hujjatlardagi ma’lumotlar bir-biriga mos kelishi shart. Ya’ni xususiy maktab/bog‘cha shartnomasi va to‘lov kvitansiyasi daromad solig‘ini qaytarib olmoqchi bo‘lgan ota-ona yoki vakilning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak.
Deklaratsiyani to‘ldirish tartibi
Zarur hujjatlar jamlangach, deklaratsiya yuborish jarayoni bir necha bosqichlaridan iborat:
1. my.soliq.uz saytiga kiring va OneID tizimi (elektron raqamli imzo yoki login/parol) orqali shaxsiy kabinetingizga kiring.

manba:Vaqt.uz
2. So‘ng «Jismoniy shaxslar» bo‘limiga o‘tib, «Jismoniy shaxsning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya» xizmatini tanlang.


manba:Vaqt.uz
3. Deklaratsiyadagi shaxsiy ma’lumotlarni to‘ldiring hamda o‘tgan yil davomidagi daromadlaringiz haqidagi ma’lumotlarni tekshirib tasdiqlang.
4. «Soliq imtiyozlari» bo‘limiga o‘ting. Imtiyoz turlari orasidan «Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar uchun to‘lovlar bo‘yicha imtiyoz» yo‘nalishini tanlang.

manba: Soliq qo‘mitasi
5. Farzandingiz haqidagi ma’lumotlarni kiriting va avvaldan tayyorlab qo‘yilgan ta’lim shartnomasi hamda to‘lov kvitansiyalarini ilova qiling.
6. Barcha kiritilgan ma’lumotlarni qayta tekshirib, deklaratsiyani saqlang va yuboring.
Pulni qaytarish tartibi
Soliq organlari tomonidan biriktirilgan hujjatlar ko‘rib chiqilib, tasdiqlangach, shaxsiy kabinetda ortiqcha to‘langan daromadlar solig‘i summasi aks etadi. So‘ng uni quyidagi tartibda bank kartangizga o‘tkazib olishingiz mumkin bo‘ladi:
● my.soliq.uz dagi shaxsiy kabinetdan «Jismoniy shaxslarga ortiqcha to‘langan soliq summasini qaytarish» xizmatiga o‘ting;

manba: Soliq qo‘mitasi
● o‘zingizga tegishli bo‘lgan (JSHSHIR va STIRIngizga biriktirilgan) bank kartasi raqami hamda rekvizitlarini kiriting va arizani yuboring;
● agar fuqaroning boshqa soliq turlaridan (masalan, mol-mulk yoki yer solig‘idan) qarzdorligi bo‘lmasa, ortiqcha to‘langan daromad solig‘i summasi 15 kun ichida ko‘rsatilgan bank kartasiga o‘tkazib beriladi.
Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekistonda shartnoma asosida oliy ta’limda o‘qiyotgan talabalar kontrakt summasini yil davomida qismlarga bo‘lib to‘lashi mumkinligi to‘g‘risida yozgan edik.





