Logo

YAIM ikki baravardan ko‘proq oshdi: O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar o‘zgardi?

O‘zbekiston iqtisodiyoti 9 oyda 8 foizdan ko‘pga oshgan. Uning asosiy qismi sanoat, xizmatlar va qurilish hisobiga to‘g‘ri keldi. Eng ko‘p ko‘rsatkichga ega hududda eng kichigiga qaraganda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 6,5 baravar ko‘p bo‘ldi.

YAIM ikki baravardan ko‘proq oshdi: O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar o‘zgardi? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) joriy narxlarda 1 kvadrillion 755 trln so‘mdan oshdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,3 foizga ko‘p. Ya’ni mamlakat iqtisodiyotida tovar va xizmatlar ishlab chiqarish hajmi oshgan.

So‘nggi besh yilda YAIM hajmi ikki baravarga oshdi

2022-yildan buyon O‘zbekiston iqtisodiyotining umumiy hajmi muntazam ko‘paymoqda. Dastlab 2022-yilning yanvar–sentabr oylarida YAIM 828 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida 1 kvadrillion 755 trillion 500 milliard so‘mga yetdi. Shu tariqa, besh yil ichida bu ko‘rsatkich qariyb 2,1 baravar ko‘paydi.

Рисунок1

 Manba: Milliy statistika qo‘mitasi

Iqtisodiyot hajmi bilan birga uning real o‘sish sur’ati ham o‘zgardi. 2022–2024-yillarda YAIM yiliga 6 foizdan ko‘proqqa, 2025-yilda 8 foizga yetdi. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa 8,3 foizlik o‘sish qayd etildi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilning yakunida O‘zbekiston YAIM 180 mlrd dollardan oshishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. Dastlabki to‘qqiz oylik natijalar yil yakuniga mo‘ljallangan ushbu ko‘rsatkichga erishish imkoniyati saqlanib qolmoqda.

YAIMning umumiy hajmi mamlakat iqtisodiyotida qancha mahsulot va xizmat yaratilganini ko‘rsatsa, aholi jon boshiga YAIM bu qiymatni aholi soniga nisbatan hisoblaydi.

Aholi jon boshiga YAIM 44,7 mln so‘mga yetdi

2022-yilning to‘qqiz oyida aholi jon boshiga 22,8 mln so‘mlik YAIM to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 44,7 mln so‘mga yetdi. Oradagi to‘rt yilda u har yili oshib borgan va nominal qiymatda qariyb ikki baravar ko‘paygan. Xususan, 2023-yilda 26,9 mln, 2024-yilda 32,4 mln, 2025-yilda esa 38,7 mln so‘m bo‘lgan.

Рисунок2

 Manba: Milliy statistika qo‘mitasi

Aholi jon boshiga YAIM mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar umumiy qiymatining aholi soniga bo‘lingan miqdoridir. Shu bois 44,7 mln so‘m har bir fuqaro shuncha daromad olganini bildirmaydi. Bu ko‘rsatkich narxlar o‘zgarishini ham o‘z ichiga oladi. Narxlar ta’siri chiqarib tashlanganda, 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida aholi jon boshiga YAIM real hisobda 6,4 foizga oshgan.

Sanoat va xizmatlarda o‘sish 8 foizdan oshdi

YAIM asosiy qismini sanoat, xizmatlar va qurilish tashkil qildi. Yanvar–sentabr oylarida xizmatlar sohasida yaratilgan qo‘shilgan qiymat 8,9 foizga oshdi. Sanoatdagi o‘sish 8,1 foizni, qurilishdagi o‘sish esa 12,5 foizni tashkil etdi.

Xizmatlar sohasida axborot va aloqa tarmoqlari 21,6 foizlik o‘sish bilan yetakchi bo‘ldi. Savdo xizmatlari 17,3 foizga, tashish va saqlash xizmatlari 16,1 foizga ko‘paygan. Qurilishda fuqarolik obyektlari 29 foizga, ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari esa 33,1 foizga oshdi.

Bu tarmoqlardagi o‘sish YAIMning umumiy natijasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Sanoat hamda savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlarining har biri YAIM o‘sishiga 2 foizdan hissa qo‘shdi. Tashish va saqlash, axborot va aloqa xizmatlari 1,4 foiz, qurilish esa 1 foizga oshgan. Natijada YAIM o‘sishining asosiy qismi sanoat, xizmatlar va qurilish tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

YAHM hajmi bo‘yicha Toshkent shahri, aholi jon boshiga Navoiy yetakchi

To‘qqiz oy ichida hududlar iqtisodiyotining umumiy hajmi bo‘yicha Toshkent shahri birinchi o‘rinni egalladi. Poytaxtda 372,1 trln so‘mlik yalpi hududiy mahsulot (YAHM) yaratildi. Bu mamlakatdagi jami YAHMning 21,2 foiziga teng. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 180 trln so‘m, Navoiy viloyati esa 166,7 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan qayd etildi.

YAHM hajmi hudud iqtisodiyotining umumiy ko‘lamini ko‘rsatadi. Ammo hududlarni aholi sonini ham hisobga olib solishtirganda natija o‘zgaradi. Aholi jon boshiga YAHM bo‘yicha Navoiy viloyati yetakchi bo‘ldi.

Yanvar–sentabr oylarida bu yerda har bir kishiga o‘rtacha 140 mln so‘mlik mahsulot va xizmatlar qiymati to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida ushbu ko‘rsatkich 114,5 mln so‘m, Toshkent viloyatida 47,6 mln so‘mni tashkil etdi.

Surxondaryo viloyatida aholi jon boshiga YAHM 21,6 mln so‘m bo‘lib, hududlar orasida oxirgi o‘rinda qayd etildi. Shu tariqa, Navoiy viloyatidagi ko‘rsatkich Surxondaryodagidan 6,5 baravar yuqori bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich aholi daromadini emas, hududda yaratilgan mahsulot va xizmatlar qiymatining aholi soniga nisbatini bildiradi.

Hududlarda aholi jon boshiga YAHM bilan birga iqtisodiy o‘sish sur’atlari ham farq qildi. 2025-yilning shu davriga nisbatan eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi — 13,1 foiz. Farg‘ona viloyatida YAHM 10,5 foizga, Namanganda 9,8 foizga oshdi. Navoiy viloyatida esa o‘sish 8,1 foizni tashkil etdi.

Kichik biznes qaysi tarmoqlarda yetakchi ?

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida kichik biznes subyektlari 904,8 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratdi. Bu mamlakat bo‘yicha jami qo‘shilgan qiymatning 53,8 foiziga teng.

Kichik biznesning hududiy iqtisodiyotdagi ulushi Surxondaryoda 78 foiz, Farg‘onada 76,4 foiz va Namanganda 75,5 foizni tashkil etdi. Navoiy viloyatida esa bu ko‘rsatkich 17,7 foiz bo‘ldi.

Tarmoqlar kesimida kichik biznesning hissasi, ayniqsa, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida yuqori. Ushbu tarmoqda yaratilgan qo‘shilgan qiymatning 93,2 foizi kichik biznes hissasiga to‘g‘ri keldi. Qurilishda bu ulush 75,4 foiz, xizmatlarda 50,9 foiz, sanoatda esa 29,4 foiz bo‘ldi.

YAIM tarkibida yashirin iqtisodiyot ulushi kamaydi

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot — bu rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan yoki daromadlari to‘liq ko‘rsatilmaydigan iqtisodiy faoliyatdir. Masalan, ro‘yxatdan o‘tmasdan savdo qilish, xizmat ko‘rsatish yoki ishlab topilgan pulning bir qismini yashirish shular jumlasiga kiradi. Ya’ni bunday faoliyatlar amalda mavjud va iqtisodiyotga hissa qo‘shadi, lekin ularning barchasi rasmiy hisobotlarda aks etmaydi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YAIMdagi ulushi 21,8 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 23,9 foiz bo‘lgan. Bir yil ichida 2,1 foizga kamaygan.

Tarmoqlar kesimida esa ko‘rsatkichlar bir-biridan farq qiladi. Xususan, kuzatilmaydigan iqtisodning yalpi qo‘shilgan qiymati 382,7 trln so‘mga yetdi. Uning eng katta ulushi, ya’ni 57,6 foizi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri keldi.

Xizmatlar sohasida bu ko‘rsatkich 23,8 foiz, qurilishda 8,3 foiz, sanoatda esa 4,9 foiz bo‘ldi. Ya’ni qishloq xo‘jaligida yaratilgan qiymatning yarmidan ko‘pi rasmiy statistikada to‘liq aks etmaydigan faoliyat hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Toshkent shahri iqtisodiyoti 13,3 foizga o‘sib, 226 trln so‘mga yetgan. Poytaxt mamlakat YAIMning 21,1 foizini ta’minlagan. Shu davrda Toshkent yalpi hududiy mahsulotining eng katta qismi xizmatlar sohasida yaratilgan — 67,9 foiz. Sanoatning ulushi 20,1 foiz, qurilishniki esa 12 foizni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid