add

Yana bitta «Humo», qarmoqqa ilingan avtomobillardagi reklamalar va metasteron qabul qilgan Mullajonov — 14-noyabr dayjesti

Bugun 21:552264

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yana bitta «Humo», qarmoqqa ilingan avtomobillardagi reklamalar va metasteron qabul qilgan Mullajonov — 14-noyabr dayjesti

Lazizbek Mullajonov uch yilga diskvalifikatsiya qilindi

O‘zbekistonlik bokschi, 2024 yilgi Olimpiada chempioni Lazizbek Mullajonov doping qoidalarini buzgani uchun uch yil muddatga musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum etildi. Bu haqda World Boxing federatsiyasiga qarashli mustaqil antidoping dasturini yurituvchi Xalqaro test agentligi (ITA) rasman ma’lum qildi.

ITA xabariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida sportchidan musobaqadan tashqari olingan doping namunasida taqiqlangan anabolik steroid — metasteron metabolit moddasi aniqlangan. Mullajonov bu moddani qabul qilganini tan olgani uchun, uning jazo muddati standart to‘rt yil emas, balki uch yil etib belgilandi.

Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan va nospetsifik moddalar qatoriga kiritilgan metasteron mushak massasi va kuchini oshiradigan sintetik anabolik steroid hisoblanadi.

To‘qayev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga yetib keldi

14-noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xababr berdi.

Oliy martabali mehmonni aeroportda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Davlat rahbarlari «Toshkent-Humo» xalqaro aeroportida suhbat o‘tkazdilar.

Suhbatda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekistonning AQSHga eksporti 2017–2024 yillar davomida deyarli 10 barobarga o‘sdi

2017–2024 yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4,1 barobarga — 215 mln dollardan 881,7 mln dollarga yetdi. Eksport hajmi 9,9 barobarga o‘sib, 32,1 mln dollardan 317,4 mln dollargacha ko‘tarilgan. Import hajmi esa 3,1 barobarga oshib, 182,9 mln dollardan 564,3 mln dollarga yetdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Xurshid Asadovning keltirishicha, O‘zbekistonning umumiy tovar aylanmasida AQSH ulushi 0,8 foizdan 1,3 foizgacha o‘sdi. Eksportda 0,3 foizdan 1,2 foizgacha, importda esa 1,3 foizdan 1,4 foizgacha ko‘tarilgani qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yilda AQSHdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar oqimi sezilarli darajada oshgan. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 8,6 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 63 barobarga o‘sgan va 545,9 mln dollarga yetgan. Umumiy hisobda 2017–2024 yillarda AQSHdan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar 2,6 mlrd dollardan oshdi.

Toshkentda avtomobillardagi reklamalar ham olib tashlanmoqda

Toshkent shahrida avtomobillarga pasportisiz o‘rnatilgan reklamalarni aniqlash va olib tashlash bo‘yicha reydlar davom etmoqda. Hokimlik ma’lumoticha, so‘nggi tekshiruvlarda 470 ta reklama o‘rnatilgan avtoulov ko‘rikdan o‘tkazilgan va ularning 390 tasida reklama pasporti yo‘qligi aniqlangan. «Reklama to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 104-son qarori talablari buzilgan holatlar bo‘yicha choralar ko‘rilgan. Haydovchilarga huquqiy tushuntirishlar berilgan, 389 ta ogohlantirish xati topshirilgan va bir avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.

Ushbu tadbirlar hokimlik, YHXB va Raqobat qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilmoqda. Maqsad — reklamani qonuniy tartibga solish va shahar qiyofasini yaxlit saqlash. Reklama joylashtirish uchun my.gov.uz orqali pasport olinishi kerakligi eslatilgan. Hokimlik avval ham noqonuniy reklamalar, yagona dizayn-kodga zid yozuvlar va hujjatsiz peshlavhalarni olib tashlashni boshlagan edi. Yaqinda esa tadbirkorlar do‘kon va dorixona peshlavhalarini ham reklama deb baholash amaliyotidan norozilik bildirishgan. Xokimlik fikriga ko‘ra, reklama qonuniyligi shahar qiyofasi va tadbirkor obro‘si uchun muhim hisoblanadi.

Toshkentda yana bir muhim inshoot «Humo» nomini oldi

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, avval «Toshkent-Sharqiy» nomi bilan belgilangan aeroport endi rasman «Toshkent Humo» xalqaro aeroporti deb nomlandi. Boshlanishida harbiy va maxsus yuk tashishga mo‘ljallangan aerodrom 2017 yilda fuqarolik aviatsiyasiga moslashtirilib, oliy martabali mehmonlarni qabul qilish uchun zamonaviy aeroport majmuasiga aylantirish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. So‘nggi yillarda uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilindi, perron va angarlar yangilandi, VIP/CIP terminallari barpo etildi, xavfsizlik va navigatsiya tizimlari xalqaro standartlarga yaqin darajada takomillashtirildi.

Aeroportning «Humo» deb nomlanishi uning maqomi biznes-aviatsiyadan keng ko‘lamli xalqaro reyslargacha kengayganini anglatadi. Bu Toshkentdagi asosiy aeroport yuklamasini kamaytirib, charter, prezident va xalqaro delegatsiyalar parvozlari uchun alohida inshoot yaratadi. Hozir poytaxtda ikki muhim aviatsiya ob’ekti mavjud bo‘lib, yangi «Toshkent Humo» aeroporti strategik manyovr, xavfsizlik va yirik tadbirlarni qabul qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, poytaxtda «Humo arena» sport majmuasi hamda «Humo» to‘lov tizimi ham mavjud bo‘lib, shaharda ushbu brendning yanada mustahkamlanishi kuzatilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid