Yangi Jizzax qurilish loyihalari ma’lum qilindi

26.02.2026 | 09:452 daqiqa

40 gektar maydonda turar joylar, maktab, poliklinika va yagona ma’muriy bino qurilishi rejalashtirilgan.

Yangi Jizzax qurilish loyihalari ma’lum qilindi

Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani tutash hududida 40 gektar maydonda «Yangi Jizzax» turar joy massivi barpo etiladi. Loyiha Prezident qaroriga muvofiq amalga oshirilib, hududda yashash va ishlash uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha doirasida 50 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 1200 ta xonadon foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 1680 o‘rinli umumta’lim maktabi, bir smenada 200 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika va 280 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etiladi.

Yagona ma’muriy bino

Hududda 21 ta davlat idorasi joylashadigan yagona ma’muriy bino qurish rejalashtirilgan. Yangi massivda yagona jamoat transporti tizimi joriy etilib, 10 kilometr aylanma yo‘l barpo etiladi. Vazirlik buni zamonaviy urbanistik model sifatida baholamoqda.

Transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 200 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘llari yangilanadi. Xususan, D-052 Dashtobod—Zomin—Baxmal—G‘allaorol yo‘li rekonstruksiya qilinadi, 143 kilometr hududiy va 30 kilometr mahalliy yo‘llar ta’mirlanadi. Shuningdek, D-048 va D-051 yo‘llarining ayrim qismlari qayta quriladi.

Loyihani moliyalashtirish

Loyihalarni moliyalashtirishga Islom taraqqiyot banki mablag‘lari jalb etilmoqda. Jahon banki ishtirokida Sharof Rashidov tumanidagi 9 ta mahallada ijtimoiy obyektlar va muhandislik tarmoqlari yangilanadi.

Bundan tashqari, Jizzax shahridagi oqova suv tozalash inshootining quvvati 30 ming kub metrdan 80 ming kub metrgacha oshiriladi. «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida esa 10 ming kub metr quvvatli kimyoviy oqova suv tozalash inshooti quriladi. Ushbu choralar viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va uni zamonaviy aglomeratsiyaga aylantirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid