Yangi qurollanish poygasi: Yevropa yadro quroli haqida gapira boshladi
Yadroviy tiyib turish yana Yevropa siyosatining bir qismiga aylanmoqda. Polsha atom bombasi so‘rayapti, Germaniya va Fransiya esa maxfiy muzokaralar olib bormoqda. Dunyodagi 12 mingta yadroviy kallak kimga qaratilgan? «Yadroviy soyabon» ostida kechayotgan maxfiy o‘yinlar va Yevropaning yangi mudofaa strategiyasi haqida eng so‘nggi tafsilotlar.
© Foto: trtrussian.comYevropa poytaxtlarida ilgari ommaviy siyosatda deyarli taqiqlangan mavzu — yadroviy tiyib turish masalasi tobora tez-tez ko‘tarilmoqda. Bu muhokamalar qurol-yarog‘ nazorati arxitekturasining yemirilishi, yadroviy arsenallarning ortishi, yirik davlatlar tomonidan kuchlarning modernizatsiya qilinishi va transatlantik xavfsizlik tizimidagi noaniqliklar fonida kechmoqda.
Diplomatik mexanizmlarga bo‘layotgan misli ko‘rilmagan bosim sharoitida, tahlil markazlari va xalqaro institutlar yangi yadroviy poyga belgilarini qayd etmoqda.
Polsha atom bombasi ilinjida
Polsha prezidenti Karol Navrotskiy «Polsat News» telekanaliga bergan intervyusida mamlakat xavfsizligini «hatto yadroviy salohiyat asosida bo‘lsa ham» mustahkamlash tarafdori ekanini bildirdi.
«Barcha xalqaro me’yorlarga hurmat saqlagan holda, biz aynan shu yo‘ldan borishimiz kerak... Ishga kirishishimiz uchun ushbu yo‘nalishda harakat qilish zarur. Biz qurolli nizo hududiga bevosita yaqin joylashgan davlatmiz. Tajovuzkor imperiyachi Rossiya Federatsiyasining Polshaga munosabati qanday ekani hammaga ma’lum», — dedi Navrotskiy.
Uning o‘tmishdoshi Andjey Duda 2025 yil mart oyida Donald Trampni ehtimoliy Rossiya tajovuzidan tiyib turuvchi omil sifatida Polshada yadro qurolini joylashtirishga chaqirgan edi.
«NATO chegaralari 1999 yilda sharqqa siljigan edi. Shu sababli, oradan 26 yil o‘tib, NATO infratuzilmasi ham sharqqa qarab ko‘chishi kerak. Men buning vaqti keldi deb hisoblabgina qolmayman, balki bu qurol allaqachon shu yerda bo‘lganida xavfsizroq bo‘lar edi, deb o‘ylayman», — degan edi o‘shanda Polsha yetakchisi Britaniyaning «Financial Times» gazetasiga.
Yadroviy tiyib turish ko‘lamini kengaytirish masalasini ko‘targan ilk Yevropa yetakchilaridan biri Polsha bosh vaziri Donald Tusk bo‘lgan edi (2024 yilda). U kuchayib borayotgan xavfsizlik tahdidlari fonida Yevropaning mudofaa imkoniyatlarini keskin mustahkamlash zarurligini ta’kidlagan.
«Yevropa yaqin o‘n oy ichida va keyingi besh yil davomida dunyodagi hech bir qudratli davlat unga qo‘l ko‘tarishga jur’at etolmaydigan vaziyatga tayyor turishi lozim», — degan edi o‘shanda Donald Tusk.
Amerikaning RAND tahlil markazi sharhida aytilishicha, Polsha yadroviy tiyib turish salohiyatini kuchaytirishning uchta ehtimoliy variantini ko‘rib chiqmoqda: o‘z yadro qurolini yaratish, o‘z hududida NATO yadro qurolini joylashtirish yoki Fransiya va Buyuk Britaniya yadroviy kuchlari himoyasiga erishish.
Shu bilan birga, Polshaning o‘z yadro qurolini yaratishga urinishi G‘arbni beqarorlashtirishi va yadro qurolini tarqatmaslik rejimini izdan chiqarishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Mualliflar ittifoqchilarning «yadroviy soyaboni»ni kuchaytirishni haqqoniyroq muqobil variant sifatida qayd etganlar, chunki bu xalqaro majburiyatlarni buzmagan holda tiyib turish salohiyatini mustahkamlashga imkon beradi. Shuningdek, materialda Polshaning yadroviy imkoniyatlari muhokamasi xavfsizlikka tahdidlarning o‘sishi va AQSHning Yevropadagi kengaytirilgan yadroviy tiyib turish siyosati ishonchliligi borasidagi bahslar fonida kechayotgani aytiladi.
Boltiqbo‘yi davlatlari ham jarayonга qo‘shilgan
Boltiqbo‘yi mamlakatlarida ham yadroviy tiyib turish masalasi ochiq muhokama maydoniga ko‘chdi.
Latviya bosh vaziri Evika Silinya Riga bunday muzokaralarga qo‘shilishga tayyor ekanini ma’lum qilib, yadroviy tiyib turish «yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin»ligini, biroq bunda xalqaro majburiyatlarga rioya qilish shartligini ta’kidladi. Estoniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Tuuli Duneton ham mamlakati Yevropa yadroviy tiyib turish siyosati bo‘yicha «dastlabki muzokaralarda qatnashishni istisno etmasligi»ni bildirdi.
Latviya tashqi ishlar vaziri Bayba Braje 13–15-fevral kunlari Myunxenda bo‘lib o‘tgan xavfsizlik konferensiyasida yadroviy tiyib turish masalasini «muhim mavzu» deya baholadi. Yevropa rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, YI davlatlari nazariy jihatdan Fransiyaning yadroviy salohiyatini, masalan, oddiy harbiy vositalar taqdim etish orqali qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Shu bilan birga, Yevropa AQSHning strategik va yadroviy ko‘magiga tayanishda davom etaveradi.
Ayni paytda Litva prezidenti Gitanas Nauseda mamlakat hududida yadro qurolini joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ta’kidladi.
«Mamlakatimizda hech kim yadro qurolini joylashtirish haqida o‘ylayotgani yo‘q», — dedi Gitanas Nauseda va Litva allaqachon NATOning «yadroviy soyaboni» ostida ekanini qo‘shimcha qildi.
Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi maxfiy muloqot
Yadroviy xavfsizlik masalasi G‘arbiy Yevropada ham jiddiy muhokama qilinmoqda. Transatlantik hududda xavfsizlik arxitekturasi qayta ko‘rib chiqilayotgan bir paytda, Germaniya Fransiya bilan yadroviy tiyib turishning yevropacha o‘lchovlari bo‘yicha muzokaralarni boshladi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers Fransiya prezidenti bilan Yevropa yadroviy tiyib turish tizimi masalasida maxfiy muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Germaniya o‘zining shaxsiy yadro qurolini yaratishga intilmayotgani, muzokaralar esa NATOning amaldagi tiyib turish tizimi va umumevropa xavfsizligi doirasida ketayotgani alohida qayd etildi.
Fransiya Yevropa Ittifoqidagi yagona yadroviy davlat sifatida o‘z yadroviy kuchlarini Yevropa xavfsizlik arxitekturasining ajralmas qismi deb biladi va uning rolini sheriklari, birinchi navbatda Germaniya bilan muhokama qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Yevropa tarixan Amerikaning «yadroviy soyaboni»ga tayanib kelgan, biroq o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyatda Yevropa davlatlari NATOning mavjudligini shubha ostiga qo‘ymagan holda, tiyib turish tizimida o‘z rollarini oshirishni muhokama qila boshladi.
Yadroviy tiyib turish masalasi YI uchun o‘z mudofaasini kuchaytirish borasidagi keng ko‘lamli strategiyaning bir qismiga aylanmoqda. Shu bilan birga, Yevropaning xavotirlariga qaramay, AQSH hamon yadroviy himoya va NATO doirasidagi jamoaviy mudofaa majburiyatlarini saqlab qolmoqda. Yevropa davlatlari harbiy xarajatlarni oshirib, qurol-yarog‘ bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirmoqda va AQSHga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda, ammo mudofaa ishlab chiqarishi va xavfsizlik strategiyasi bo‘yicha ichki kelishmovchiliklar hamon mavjud.
Ukraina prezidenti Волоdiмир Zelenskiyning fikricha, asosiy siyosiy qarorlar davom etayotgan nizo fonida yuz berayotgan texnologik o‘zgarishlar sur’atiga mos kelishi kerak.
Biroq YIning hamma davlatlari ham bunday yo‘nalishni yoqlayotgani yo‘q — Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches yadroviy qurollanishni xato yo‘l deb atadi.
Shuningdek, YI darajasida yadro qurolini tarqatmaslik rejimiga bo‘layotgan bosim kuchaygani qayd etilgan.
«Ядровий тарқатмаслик va qurolsizlanish rejimi misli ko‘rilmagan bosim ostida qolmoqda», — deyiladi YIning yadroviy tarqatmaslik masalalari bo‘yicha bayonotida. Unda barcha tahdidlar asosan Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari va uning Xitoy bilan kengayib borayotgan harbiy hamkorligiga bog‘langan.
Rossiyaning munosabati
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha, Moskva strategik barqarorlik va yadroviy tiyib turish masalalarini xalqaro xavfsizlikning asosiy unsuri deb biladi hamda vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.
Rossiya tomoni qurol-yarog‘ nazorati tizimining yemirilishi va Rossiya atrofida harbiy faollikning kuchayishi global barqarorlikka putur yetkazishini hamda qarama-qarshilik xavfini oshirishini ta’kidlamoqda. TIV qayd etishicha, xavfsizlikni boshqa davlatlar xavfsizligini zaiflashtirish hisobiga ta’minlab bo‘lmaydi va u strategik barqarorlik masalalarida teng hamda bo‘linmas yondashuvni talab qiladi.
Vazirlik, shuningdek, Rossiya qurol-yarog‘ nazorati mexanizmlarini saqlab qolish va mustahkamlash, yadroviy eskalatsiyaning oldini olish hamda yadroviy davlatlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish tarafdori ekanini urg‘uladi.
Moskva yadro urushiga yo‘l qo‘yib bo‘lмаслик tamoyiliga va keskinlikning yanada kuchayishiga to‘sqinlik qilish zarurligiga sodiqligini bildirib, xavfsizlik borasidagi o‘zaro manfaatlarni hisobga olishga hamda strategik muvozanatni izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan qadamlardan tiyilishga chaqirmoqda.
Avvalroq Kreml Yevropa davlatlarining harakatlarini «o‘ta ziddiyatli» yondashuv va Fransiyaning Yevropada yadroviy yetakchi bo‘lishga urinishi deb atab, buni «yadroviy shantaj» sifatida baholagan edi.
Yangi qurollanish poygasi
Xalqaro institutlar yangi qurollanish poygasi boshlanganidan dalolat beruvchi alomatlarni qayd etmoqda.
Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti (SIPRI) 2025 yilgi bayonotida qurol-yarog‘ nazorati rejimlari sezilarli darajada zaiflashgan bir sharoitda xavfli yangi yadroviy poyga shakllanayotganini ta’kidlaydi. Yadroviy qurolga ega deyarli barcha to‘qqizta davlat 2024 yilda mavjud tizimlarni yangilab va yangi modifikatsiyalarni qo‘shgan holda, yadroviy arsenallarni modernizatsiya qilish bo‘yicha jadal dasturlarni davom эттирgaн.
Sovuq urush tugaganidan beri global yadroviy qurol zaxiralarining bosqichma-bosqich qisqarishi sekinlasha boshladi, ayrim hollarda esa, qurollarni yo‘q qilish sur’ati pasayib, yangi tizimlarning joylashtirilishi natijasida aks jarayon kuzatilmoqda.
Myunxen хавфсизлик konferensiyasi qoshidagi Yevropa yadroviy xavfsizlik guruhining fevral oyidagi bayonotida aytilishicha, Yevropa bugungi kunda mutlaqo yangi strategik vaziyatga duch kelmoqda. Bu vaziyatda yadroviy tiyib turish borasidagi avvalgi model endi to‘liq ishonchli hisoblanmayapti.
Hujjatda ta’kidlanishicha, qit’a kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga, yadroviy xavflarning ortishiga va uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari atrofidagi noaniqliklarga moslashishi kerak. Баёнотда qayd etilishicha, «Yevropa yangi yadroviy voqelikni zudlik bilan anglab yetishi lozim».
Yevropa siyosati markazi (Brussel) hozirgi davrni «strategik qurol-yarog‘ nazoratidan keyingi davr»ning boshlanishi deb ta’riflab, avvalgi kelishuvlarning barbod bo‘lganini va mavhumlik kuchayganini aytmoqda.
Markaz tahlilchisi Yuray Maynitsning qayd etishicha, 4-fevral kuni yadroviy poygani jilovlab turgan yagona kelishuv — SNV-3 (Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha shartnoma) amal qilishdan to‘xtaganidan so‘ng, tiyib turishning «asosiy muvozanati qisqa muddatli istiqbolda hali saqlanib qolishi mumkin».
Biroq tadqiqotchi hatto shartnoma amal qilgan davrda ham yadroviy muvozanatni izdan chiqaruvchi omillarga e’tibor qaratmoqda: bu faqat jangovar kallaklar soni emas, balki shaffoflik va nazoratning yo‘qolishi, shuningdek, Rossiyaning an’anaviy nazoratdan tashqariga chiquvchi yangi yadroviy yetkazib berish tizimlarini ishlab chiqishidir.
Yadroviy statistika
Global statistika ham yadroviy muvozanatdagi tarkibiy o‘zgarishlardan dalolat bermoqda.
SIPRI’ga ko‘ra, 2025 yilning yanvar holatiga ko‘ra, dunyoda taxminan 12 512 ta yadroviy jangovar kallak mavjud bo‘lib, ulardan 9 614 tasi harbiy zaxiralarda saqlanmoqda, 3 912 tasi tezkor joylashtirilgan va qariyb 2 100 tasi yuqori jangovar shaylik holatida turibdi. SIPRI, shuningdek, Xitoy yadroviy arsenalining «600 ta jangovar kallakkacha» ko‘payganini qayd etmoqda.
Amerika olimlari federatsiyasi (FAS) dunyodagi jami yadroviy arsenalning qariyb 86 foizi AQSH va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlaydi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi Eronda boyitilgan uran zaxiralari ortib borayotganini kuzatmoqda. Agentlik hisobotida aytilishicha, «boyitilgan uranning umumiy zaxirasi taxminan 9 247,6 kg ni tashkil etadi». BMT ma’lumotlariga ko‘ra, «Eron ixtiyorida 60 foizgacha boyitilgan 440 kg dan ortiq uran mavjud».





