Logo

Yangi Toshkentda 500 mln dollardan ortiq loyihalar uchun yer auksionining boshlang‘ich narxi belgilandi

Bugun 16:294 daqiqa

Yerning yakuniy qiymati savdo natijalariga qarab aniqlanadi. Eng yirik investitsiya loyihalari uchun yer auksionining boshlang‘ich narxi 50 mln dollargacha bo‘lgan loyihalarnikidan 200 baravar past bo‘ladi.

Yangi Toshkentda 500 mln dollardan ortiq loyihalar uchun yer auksionining boshlang‘ich narxi belgilandi © Foto: president.uz

Yangi Toshkentda 500 million dollardan ortiq loyihalar uchun yer auksioni 1 dollardan boshlanadi. Bu tartib prezidentning 10-noyabr kuni imzolangan farmonida belgilangan.

Hujjatga asosan Yangi Toshkent shahrining 19 ming 720,9 gektar va Samarqanddagi «Shirin» massivining 665,15 gektar maydonida yirik shaharsozlik loyihalari uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi. Bu hududlarda qiymati kamida 50 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihalari soliq, bojxona va qurilish sohasidagi alohida imtiyozlardan foydalanishi mumkin.

1



Maxsus hududlardagi yer uchastkalari investorlarga «E-auksion» platformasi orqali ijara huquqi asosida taklif etiladi. Bunda yerning har bir kvadrat metri uchun belgilangan boshlang‘ich narx amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining qiymatiga bog‘liq bo‘ladi. Eng yirik investitsiya loyihalari uchun yer auksionining boshlang‘ich narxi 50 million dollargacha bo‘lgan loyihalarnikidan 200 baravar past bo‘ladi.

Ammo bu yer maydonlari investorlarga avtomatik tarzda 1 dollardan beriladi, degani emas. Bu summalar auksion uchun belgilangan boshlang‘ich narx hisoblanadi. Yerning yakuniy qiymati esa savdo natijalariga qarab aniqlanadi.

Shuningdek, investorlar yer uchun to‘lovlarni qismlarga bo‘lib amalga oshirishi mumkin. Xususan, qiymati 50 million dollargacha bo‘lgan loyihalarda dastlabki to‘lov 30 foizni, 250–500 million dollarlik loyihalarda esa 10 foizni tashkil etadi. Qolgan mablag‘ni loyiha qiymatiga qarab 4 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatda foizsiz to‘lash imkoniyati beriladi.

2



Yer uchastkalari ochiq auksion yoki «Swiss challenge» mexanizmi asosida taqsimlanadi. Bunda dastlabki tashabbuskorning taklifi boshqa investorlarning muqobil takliflari bilan raqobat sharoitida ko‘rib chiqiladi.

Qurilish ishlari yakunlanganidan so‘ng esa qonunchilikka ko‘ra xususiylashtirish taqiqlangan yer maydonlariga 49 yilgacha bo‘lgan muddatga ijara huquqi rasmiylashtirilishi mumkin.
Yirik investorlar uchun alohida soliq imtiyozlari ham bor. Maxsus hududlarda loyihalarni amalga oshiradigan yuridik shaxslar qurilgan obyektlarni ijaraga berish va sotishdan olgan foydasi uchun odatdagi 15 foiz o‘rniga 1 foiz stavkada soliq to‘laydi. Ushbu imtiyozning amal qilish muddati kiritilgan investitsiya miqdoriga qarab belgilanadi. Kamida 50 million dollar investitsiya kiritilsa — 5 yil, kamida 100 million dollar kiritilsa — 10 yil, kamida 500 million dollar kiritilsa — 15 yil imtiyoz beriladi. Agar kamida 50 million dollarlik loyihalar doirasida qurilib, foydalanishga topshirilgan obyektlar bo‘yicha yuridik shaxslar 20 yil davomida mol-mulk va yer soliqlarini to‘lamaydi.

Shuningdek, 2040-yil 1-yanvarga qadar investorlar shaharsozlik loyihalaridan olgan dividendlarini O‘zbekiston hududida qayta investitsiya qilsa, ushbu daromadlar soliqdan ozod etiladi.

Qurilish ishlari uchun xorijdan olib kiriladigan texnika, asbob-uskunalar, qurilish materiallari va ayrim boshqa tovarlarga ham bojxona imtiyozlari beriladi. Bunda ularning umumiy qiymati loyiha hajmiga qarab investitsiya summasining 30–70 foizidan oshmasligi lozim. Bosh pudratchilar va bosh loyiha tashkilotlari tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yuritmaydigan xorijiy shaxslardan sotib olinadigan xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Chet ellik mutaxassislarga soliq imtiyozlari joriy etiladi

Maxsus hududlardagi loyihalarga jalb qilinadigan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar uchun ham alohida imtiyozlar belgilanmoqda. Yillik ish haqi fondi 50 ming dollardan yuqori bo‘lgan xorijiy loyihachilar, arxitektorlar, muhandislar va boshqa mutaxassislarning mehnat haqi bilan bog‘liq daromadlariga uch yilgacha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqning 1 foizlik stavkasi qo‘llanadi.

Bunday mutaxassislardan O‘zbekistonda ishlash huquqini tasdiqlovchi hujjat talab qilinmaydi. Shuningdek, viza olish va yashash joyi bo‘yicha ayrim davlat bojlari hamda yig‘imlardan ham ozod etiladi. 200 metrdan baland binolar va mehmonxonalar ham imtiyozga ega bo‘ladi.

Farmonga muvofiq, maxsus huquqiy rejim doirasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalar ro‘yxatiga 200 metr va undan baland osmono‘par binolar, mehmonxona majmualari, savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar bog‘lar, kurort hududlari, tibbiyot hamda ta’lim muassasalari ham kiritilgan.

Sport majmualari, teatrlar, kinoteatrlar, muzeylar va infratuzilma obyektlari ham imtiyozlardan foydalanishi mumkin. Mehmonxona loyihalari uchun alohida istisno belgilangan. Jahondagi eng yirik 50 ta mehmonxona brendi yoki beshta yetakchi mehmonxona tarmog‘i reytingiga kirgan majmualar qurilishiga investitsiya hajmi 50 million dollardan kam bo‘lgan taqdirda ham, 50 million dollarlik loyihalar uchun belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi.

Maxsus hududlarda qurilish-montaj ishlarini kechayu kunduz, ya’ni 24/7 rejimida amalga oshirishga ham ruxsat beriladi. Bunda shovqin, transport vositalari harakati va qurilish texnikasidan foydalanish bilan bog‘liq maxsus talablar o‘rnatiladi. Qolaversa, farmon bilan Yangi Toshkent shahri hokimligini tashkil etish ham belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkent qurilishida Turkiyaning «OYAK» kompaniyasi ishtirok etishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid