
Yangi yil bayrami sabab Toshkentdagi ba’zi ko‘chalar yopiladi
Poytaxtda bayram tadbirlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida bir qator markaziy ko‘chalarda vaqtinchalik cheklov joriy etiladi.

Yangi yil bayrami munosabati bilan Toshkent shahridagi ayrim ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Cheklovlar bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish, ularni yuqori saviyada o‘tkazish, shuningdek, ommaviy tadbirlar vaqtida aholi xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash maqsadida kiritilmoqda.


Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning 15-dekabridan 2026 yilning 15-yanvarigacha O‘zbekiston Milliy kutubxonasi old maydonida:
— Zarafshon ko‘chasining «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasi qo‘riqlash punkti va Matbuotchilar ko‘chalari oralig‘idagi qismi;
— Istiqlol ko‘chasining A.Temur shoh va Buyuk Turon ko‘chalari oralig‘idagi qismi;
— Buyuk Turon ko‘chasining Istiqlol ko‘chasi kesishmasidan Yoshlar ijod saroyigacha cheklov o‘rnatiladi.
2025 yil 17-dekabrdan 2026 yil 5-yanvargacha Taras Shevchenko gastronomik-turizm ko‘chasida:
— Taras Shevchenko ko‘chasining Fidokor ko‘chasi kesishmasidan Nukus ko‘chasi kesishmasigacha;
— Sayyid Baraka ko‘chasining Oybek ko‘chasi kesishmasidan Amir Temur shoh ko‘chasigacha cheklov o‘rnatiladi.
«Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va haydovchilarga o‘z yo‘nalishlarini ushbu o‘zgarishlarni inobatga olgan holda rejalashtirishni tavsiya etamiz», — deyiladi hokimlik xabarida.





