Yaqin Sharq davlatlariga borishdan tiyilib turish tavsiya etilmoqda

02.03.2026 | 10:152 daqiqa

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish hamda boshqa turdagi xorijiy tashriflarni vaqtincha kechiktirib turishni tavsiya etdi.

Yaqin Sharq davlatlariga borishdan tiyilib turish tavsiya etilmoqda © Tashqi ishlar vazirligi

Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat keskinlashgani va ayrim davlatlar tomonidan havo hududidan foydalanishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgani sababli xalqaro aviaqatnovlarda jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga ushbu yo‘nalishdagi safarlarni vaqtincha kechiktirishni tavsiya etdi.

«Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish hamda boshqa turdagi xorijiy tashriflarni vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha kechiktirib turish tavsiya etiladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni paytda chet elda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklardan vaziyatga nisbatan bosiqlik va hushyorlikni saqlash, odamlar gavjum joylarga borishdan tiyilish, mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turish so‘raldi.

«Barcha fuqarolar safarlarni rejalashtirishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari va rasmiy manbalar orqali e’lon qilinayotgan axborotlarga amal qilishlari zarur», — deydi Tashqi ishlar vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni Isroil va AQSH Eronga harbiy zarbalar berishni boshlagan edi. AQSH prezidenti o‘zining 8 daqiqalik murojaatida Tehronga berilgan hujumda AQSH'ning ishtirokini tasdiqlab, hujumdan maqsad Eron raketa infratuzilmasi yo‘q qilish ekanini ma’lum qilgandi.

Eron esa AQSH va Isroil hujumlariga javoban «Haqiqiy va’da 4» operatsiyasi doirasida AQSH'ning Kuvayt, BAA, Qatar va Bahrayndagi harbiy strategik obyektlariga hujum uyushtirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Yaqin Sharq davlatlariga borishdan tiyilib turish tavsiya etilmoqda | Vaqt.uz