Eron AQSH bazalariga raketa hujumi uyushtirdi

28.02.2026 | 17:002 daqiqa

Eron «Haqiqiy va’da 4» operatsiyasi doirasida AQSH'ning Kuvayt, BAA, Qatar va Bahrayndagi harbiy strategik obyektlariga hujum qilganini ma’lum qildi.

Eron AQSH bazalariga raketa hujumi uyushtirdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Eron Islom Inqilobi Qo‘riqchilari Korpusi AQSH–Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalarga javob sifatida mintaqadagi AQSH harbiy obyektlariga raketa va dronlardan iborat to‘lqinli hujum boshlaganini ma’lum qildi. Nishonlar orasida Qatar, Quvayt, BAA va Bahrayndagi yirik harbiy bazalar bor. Bu haqda Iran International nashri axborot berdi.

Xabarlarda aytilishicha, Qatardagi Al-Udeyd aviabazasi, Kuvaytdagi Ali Al-Salem aviabazasi, BAAdagi Al-Dafra aviabazasi hamda Bahraynda joylashgan AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti qarorgohi nishonga olingan.

Bahrayn davlat axborot agentligi Beshinchi flot xizmat ko‘rsatish markazi raketa hujumiga uchraganini tasdiqladi.

Bahrayn poytaxti Manamadagi Juffayr tumanida joylashgan harbiy-dengiz bazasi atrofida bir nechta guvohlar kuchli portlash ovozlarini eshitganini bildirgan. Hozircha zarar miqyosi va ehtimoliy qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.

Qatar Mudofaa vazirligi esa o‘z hududiga qaratilgan «bir nechta hujumlar» muvaffaqiyatli bartaraf etilganini bildirdi. Rasmiy Doha havo hujumidan himoya tizimlari ishga tushirilganini va vaziyat nazorat ostida ekanini qayd etdi.

Shu bilan birga, Isroil harbiylari Eronning g‘arbiy qismidagi bir qator harbiy obyektlarga keng ko‘lamli havo zarbalari berilganini ma’lum qildi. Ular strategik ahamiyatga ega inshootlar nishonga olinganini ta’kidlamoqda.

Sabereen agentligiga ko‘ra, AQSH tomonidan amalga oshirilgan to‘rtta zarba Eron hududiga yetmasdan, Iroq poytaxti Bag‘dod janubi-g‘arbiga tushgan. Bu hudud Eron bilan ittifoqchi hisoblangan «Kataib Hizbulloh» guruhi faoliyati bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini aytgan edi.

Teglar

Mavzuga oid