Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekiston uchun logistika sinoviga aylandi

Kecha 22:252 daqiqa

Yaqin Sharqdagi urush nafaqat mintaqa xavfsizligini, balki O‘zbekistonning strategik savdo yo‘llarini ham so‘roq ostida qoldirdi.

Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekiston uchun logistika sinoviga aylandi

Yaqin Sharqdagi urush O‘zbekiston logistikasi uchun jiddiy sinovga aylandi va mamlakat muqobil yo‘llarni tezkor izlashga majbur bo‘ldi. Bu haqda Sankt-Peterburg Yevropa universiteti Xalqaro energetika markazi direktori Shamil Yenikeyev ma’lum qildi.

Asosiy yo‘nalishlar izdan chiqdi

Uning ta’kidlashicha, AQSH va Isroilning Eron bilan mojarosi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi an’anaviy savdo yo‘nalishlarini izdan chiqargan.

Mutaxassisning qayd etishicha, O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniga ega emasligi sababli, Eron orqali o‘tadigan yo‘lak asosiy savdo kanallaridan biri hisoblangan. Mintaqaning Eron bilan yuk tashish hajmining qariyb 18,9 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur yo‘nalishning to‘sib qo‘yilishi import va tranzit jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Muqobil logistika yo‘nalishlari

Fevral oyida muhokama qilingan loyihalar — jumladan, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston yo‘lini Eron portlari va Turkiya bilan bog‘lash rejalari Eronga berilgan zarbalardan so‘ng amalda o‘z dolzarbligini yo‘qotgan.

Bunday sharoitda O‘zbekiston kompaniyalari muqobil logistika yo‘nalishlariga o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Xususan, Qozog‘iston va Rossiya orqali o‘tadigan shimoliy yo‘nalish, Transkaspiy yo‘lagi, Turkiya portlari, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikiston orqali o‘tadigan yangi marshrutlar faol qo‘llanilmoqda.

Strategik xulosalar va ta’sir

Yenikeyevning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi inqiroz dunyo logistikasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston uchun bu ko‘p vektorli siyosatning samaradorligini namoyon etgan stress-test bo‘ldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Eron yo‘lagidan to‘liq foydalanishga ulgurmagan va mamlakat muqobil yo‘nalishlarni oldindan shakllantirish orqali boshi berk ko‘chaga kirib qolishdan saqlanib qolgan.

Ekspertlarning fikricha, Eron logistikasidagi uzilishlar Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga katta zarba bermaydi. Biroq bu yuk tashish xarajatlarining oshishi va yetkazib berish muddatlarining uzayishiga olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid