Yaqin Sharqdagi ziddiyat sabab sayyohlar vizasi uzaytiriladi

03.03.2026 | 16:552 daqiqa

Yaqin Sharqdagi keskinlik ortishi ortidan Shri-Lanka va Balida qolib ketgan xorijlik sayyohlar uchun viza yengilliklar joriy etildi.

Yaqin Sharqdagi ziddiyat sabab sayyohlar vizasi uzaytiriladi

Shri-Lanka hukumati Yaqin Sharqdagi qurolli ziddiyatlar sabab mamlakatda qolib ketgan barcha xorijiy sayyohlar vizasini avtomatik tarzda ikki haftaga uzaytirishga qaror qildi. Bu chora 2026 yil 28-fevralda AQSH, Isroil va Eron o‘rtasida boshlangan mojaro ortidan yuzaga kelgan aviatransport uzilishlari oqibatida qabul qilindi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, vizani uzaytirish uchun sayyohlardan hech qanday ariza yoki qo‘shimcha harakat talab etilmaydi. Qaror mamlakatdan chiqib keta olmayotgan barcha chet el fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi.

Nizo BAA, Qatar, Ummon va Bahrayn orqali amalga oshiriladigan tranzit reyslarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu davlatlar Osiyo va Hind okeani mintaqasidan — Maldiv, Seyshel, Mavrikiy, Shri-Lanka, Indoneziya, Malayziya hamda ayrim Afrika mamlakatlaridan uchadigan parvozlar uchun asosiy tranzit markazi hisoblanadi.

Shri-Lanka hukumati Tashqi ishlar vazirligiga turli davlatlar elchixonalari bilan hamkorlikni kuchaytirish topshiriqini berdi. Maqsad — sayyohlarning xavfsiz qaytishi uchun Yaqin Sharqni aylanib o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlarni tezkor ishlab chiqish.

Bali orolidagi sayyohlar uchun yengillik

Shu bilan birga, Indoneziya ham Balidan chiqa olmagan sayyohlar uchun yengillik joriy qildi. Denpasardagi Ngurah-Ray xalqaro aeroporti immigratsiya xizmati ma’lum qilishicha, reyslari bekor qilingan yo‘lovchilarga 30 kungacha majburiy qolish ruxsati — ITKT beriladi. Ushbu ruxsatnomani aeroportning o‘zida yoki mahalliy immigratsiya bo‘limida rasmiylashtirish mumkin.

Ma’lum qilinishicha, reyslar bekor qilingani tufayli yuzaga kelgan ortiqcha qolish muddati uchun jarima undirilmaydi. Biroq sayyohlar aviakompaniya yoki aeroport ma’muriyatidan reys bekor qilinganini tasdiqlovchi rasmiy hujjat taqdim etishi shart.

Teglar

Mavzuga oid