
Yevroittifoq Rossiya aktivlari bo‘yicha tarixiy qaror qabul qildi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini muddatsiz saqlab qolishga imkon beruvchi yangi mexanizmni ma’qullab, ayrim davlatlar vetosini chetlab o‘tish yo‘lini ochdi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlari masalasida muhim burilish nuqtasiga qadam qo‘ydi. 11-dekabr kuni Yevroittifoqqa a’zo davlatlar elchilari Ittifoq shartnomasining 122-moddasini qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu modda favqulodda iqtisodiy holat sharoitida qarorlarni ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilish imkonini beradi va ayrim davlatlar tomonidan vetoni cheklab qo‘yadi.
Politico nashriga ko‘ra, mazkur qaror Rossiya aktivlarini muddatsiz muzlatib qo‘yishga huquqiy asos yaratadi. Bu esa, ayniqsa, Vengriya va Slovakiya kabi davlatlarning qarshi pozitsiyasiga qaramay, jarayonni olg‘a siljitish imkonini bermoqda. Daniya hukumati rasman tasdiqlashicha, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban endi bu qarorni to‘sib qo‘ya olmaydi.
Qaror bo‘yicha rasmiy ovoz berish 12-dekabr kuni Yevropa vaqti bilan soat 17:00 atrofida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Euractiv manbalariga ko‘ra, Vengriya va Slovakiya qarshi ovoz berishga tayyor, Belgiya esa betaraf qolishi mumkin. Biroq bu holat qaror qabul qilinishiga ta’sir qilmaydi, chunki zarur ko‘pchilik ovozlar ta’minlanmoqda.
Amalda, Yevropa Ittifoqi o‘zining «minimal dasturi»ni bajardi: Rossiya aktivlari Yevropa nazoratida qoladi va ular uchinchi tomonlar, jumladan AQSH tomonidan ham, Brussel roziligisiz ishlatilmaydi. Bu, ayniqsa, AQSH va Rossiya tomonidan ko‘rsatilayotgan siyosiy bosim fonida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, asosiy masala hali ochiq qolmoqda. Ukrainaga reparatsiya krediti ajratish uchun ushbu aktivlardan garov sifatida foydalanish alohida qarorni talab qiladi. Bu masalada Belgiya pozitsiyasi hal qiluvchi hisoblanadi. Endi Ukraina tarafdorlari Brusselni bunday qarorga ko‘ndirish uchun yangi huquqiy va moliyaviy mexanizm ishlab chiqishiga to‘g‘ri keladi.





