
Yevroittifoq va G7 Rossiyaga dengiz orqali neft tashishni to‘liq taqiqlamoqchi
Yevroittifoq va G7 2026 yil boshida amalga kirishi kutilgan yangi sanksiyalar orqali Rossiya neftini dengiz orqali tashishga oid barcha xizmatlarni to‘liq taqiqlashni muhokama qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi va «katta yettilik» davlatlari Rossiya neft savdosini cheklash bo‘yicha eng keskin choralarni ko‘rib chiqmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, Brussel va G7 mamlakatlari mavjud «yuqori narx chegarasi» mexanizmidan to‘liq voz kechib, Rossiya neftning dengiz orqali tashilishiga xizmat ko‘rsatishni butunlay taqiqlash taklifini muhokama qilmoqda. Yangi cheklovlar 2026 yil boshida qabul qilinishi kutilmoqda.
Hozirgi mexanizmga ko‘ra, G‘arb tanker va sug‘urta kompaniyalariga Rossiya neftni tashishga faqat barreli 47,6 dollardan past narxda sotilgan taqdirda xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bu qoida tufayli Rossiya neftining taxminan uchdan biri hali ham g‘arb tankerlari — asosan Gretsiya, Kipr va Malta kompaniyalari orqali tashilmoqda.
Yangi sanksiyalar esa bu amaliyotga nuqta qo‘yadi. Reuters manbalari aytishicha, YI avvalo bu g‘oyani G7 hamkorlari bilan kelishib oladi. Britaniya va AQSH qarshi emas, ammo Vashingtonning yakuniy qarori Ukraina bo‘yicha muzokaralar va Donald Tramp ma’muriyati tanlayotgan siyosiy taktikaga bog‘liq bo‘ladi.
CREA ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oktabr oyida Rossiya nefti eksportining 38 foizi G7 tankerlari tomonidan tashilgan. Qolgan barrellar «xufiyona flot» — Kreml sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun yig‘gan tankerlar tomonidan yetkazilgan. Ular orasida 44 foizi sanksiyalar ostida turgan kemalar, 18 foizi esa hali «qora ro‘yxat»ka kiritilmagan flotga to‘g‘ri keladi.
Hozirgi paytda dunyodagi «xufiyona flot» 1423 tankerdan iborat bo‘lib, ular nafaqat Rossiya, balki Eron va Venesuela eksportini ham xizmat bilan ta’minlaydi. Amerika, Britaniya yoki YI sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan kema soni 921 tani tashkil etadi.
Ekspertlar fikricha, to‘liq taqiq Rossiyaning logistika strategiyasi va neft eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





